Amaliy tashrif bilan Ostona shahrida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida oʻtgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, shuningdek, TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, TDT doirasidagi koʻp qirrali munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida bugungi shiddat bilan oʻzgarib borayotgan zamonda tili, dini va yuraklari bir-biriga chambarchas bogʻlangan turkiy xalqlarning ovozi dunyo boʻylab yanada baland, yanada kuchliroq yangrayotganini taʼkidladi. Tashkilot bugungi kunda shakllanayotgan yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida oʻziga xos muhim oʻringa ega boʻlib bormoqda.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari global xavfsizlikni taʼminlashda yangi muammolar yuzaga kelayotgani, xalqaro huquq meʼyorlaridan chekinish holatlari koʻpayib borayotganini koʻrsatib oʻtdi.
Falastin-Isroil mojarosi keyingi paytda xavfli tus olgani jiddiy xavotirga solayotgani qayd etildi. Qurolli toʻqnashuvlar oqibatida tinch aholi, ayniqsa keksalar, ayollar va bolalar orasida qurbonlar va jarohat olganlar soni keskin ortib, nizoning keng yoyilib ketish xavfi kuchaymoqda.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston yetakchisi tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarga barham berib, oʻt ochishni toʻxtatishga, gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga chaqirdi. Falastin-Isroil muammosini BMT rezolyusiyalariga muvofiq “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etish zarurligi borasida Oʻzbekistonning pozitsiyasi qatʼiy ekani bildirildi.
Oʻzbekistonning TDT mamlakatlari bilan hamkorligi xususida soʻz yuritar ekan, davlatimiz rahbari mamlakatimiz Tashkilotning barcha aʼzolari bilan strategik sheriklik aloqalarini oʻrnatganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Oʻtgan yili Samarqand sammitida imzolangan muhim hujjatlar izchil bajarilmoqda.
Oʻzbekiston raisligi davrida turkiy davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yuzdan ortiq turli tadbirlar oʻtkazildi, muhim tashabbuslar ilgari surildi, yangi tuzilmalar tashkil etildi, bir qator nufuzli global va mintaqaviy tuzilmalar bilan yaqin sheriklik aloqalari oʻrnatildi.
Tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi koʻp tomonlama va uzoq muddatli aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, Turkiy xalqlar birdamligini, ularning buyuk oʻtmishi va boy madaniyatini, azaliy qadriyatlarini ifoda etadigan Turkiy dunyo xartiyasini ishlab chiqish taklif qilindi.
Sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish ishlarini faollashtirish muhimligi qayd etilib, ushbu moliya muassasasini Toshkent shahrida joylashtirish taklifi bildirildi.
Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazini tashkil etish boʻyicha boshlangan amaliy ishlarni toʻliq maʼqullab, Oʻzbekiston Prezidenti markaz imkoniyatlaridan savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, eksport-import hajmini koʻpaytirish boʻyicha yangi mexanizmlarni keng joriy qilish, elektron savdo platformalarini rivojlantirishda unumli foydalanish zarurligiga eʼtibor qaratdi.
Global logistika zanjirlari va transport yoʻlaklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmogʻini shakllantirish masalalari dolzarb ekani taʼkidlandi. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari Oʻrta koridor salohiyatini kengaytirish, qoʻshimcha koʻp tarmoqli yoʻnalishlarni, jumladan, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga mamlakatlarimiz orqali oʻtadigan yoʻlaklarni rivojlantirish hamda transport xizmatlarini raqamlashtirish chora-tadbirlarini qoʻllab-quvvatladi.
Tashkilotning Temir yoʻl idoralari kengashini taʼsis etish va bu tuzilmaning direksiyasini Oʻzbekistonda joylashtirish taklif etildi.
Ekologiya sohasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida vazirlar darajasida doimiy faoliyat koʻrsatadigan Turkiy ekologiya forumini tuzish tashabbusi ilgari surildi.
Oʻzbekiston yetakchisi ijodiy fikrlaydigan, isteʼdodli va shijoatli yoshlar istiqbolda turkiy dunyoning yangi Renessansini barpo etishiga ishonch bildirdi. Yangilikka intilib yashaydigan, tashabbuskor oʻgʻil-qizlarni ragʻbatlantirish uchun Oʻzbekistonda Turkiy dunyo kreativ yoshlari markazini ochish taklif qilindi.
Jadid bobolarimizning ilmiy-ijodiy merosini chuqur oʻrganish muhimligini qayd etib, Oʻzbekiston Prezidenti TDT mamlakatlari vakillarini joriy yilning dekabr oyida yurtimizda boʻlib oʻtadigan “Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari” mavzusidagi xalqaro anjumanda faol ishtirok etishga taklif etdi.
Soʻzini yakunlar ekan, Oʻzbekiston rahbari ishtirokchilar eʼtiborini ming yillar davomida tarixi va taqdiri turkiy elatlar bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan koʻpmillatli jafokash Afgʻoniston xalqiga qaratdi.
Mamlakatimiz yetakchisi afgʻon xalqiga insonparvarlik yordami koʻrsatishni susaytirmaslik, bu yurtdagi oʻtkir ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.
Majlisda Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Vengriya, Turkmaniston delegatsiyalari rahbarlari, tashkilot bosh kotibi ham soʻzga chiqdi.
Sammit yakunida TDT doirasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha qator bitim va qarorlar qabul qilindi.
Tashkilotga raislik Qozogʻiston Respublikasiga oʻtdi.