Oʻzbekiston Prezidenti Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibini qabul qildi

0
155
marta koʻrilgan.

 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 oktyabr kuni Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi va Investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bagʻdat Amreevni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.     

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston va Turkiy kengash oʻrtasidagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Mamlakatimiz 14 sentyabr kuni 2009 yil 3 oktyabrda imzolangan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan Bitimini ratifikatsiya qildi hamda tashkilotning joriy yil 15 oktyabr kuni Boku shahrida boʻlib oʻtadigan yettinchi sammitida toʻla huquqli aʼzo sifatida ishtirok etadi. 

Oʻzbekiston va Turkiy kengash mamlakatlarini azaldan nafaqat madaniyat, til, maʼnaviyat mushtarakligi, balki anʼanaviy doʻstlik va oʻzaro manfaatli hamkorlikka asoslangan munosabatlar bogʻlab turishi taʼkidlandi.

Uchrashuvda Turkiy kengashning birinchi navbatda savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, turizm, madaniy-gumanitar almashinuvlar kabi dolzarb yoʻnalishlarda amaliy sheriklikni rivojlantirishga koʻmaklashuvchi samarali mintaqaviy tuzilma sifatidagi salohiyatiga yuksak baho berildi.

Turkiy kengash bosh kotibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz Kengashga toʻla huquqli aʼzo sifatida kirishi bilan samimiy tabrikladi.

Oʻzbekistonning aʼzo boʻlishi tashkilot doirasida samarali koʻp tomonlama hamkorlikni yanada jadal rivojlantirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Bagʻdat Amreev Oʻzbekistonda davlat va jamiyat qurilishi sohasida, iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholadi.

Oʻzbekiston xorijiy sheriklar bilan uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishda, avvalo, qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash borasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishayotganini alohida qayd etdi.

Oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Turkiy kengashning boʻlajak sammitiga tayyorgarlikning borishi toʻgʻrisida maʼlumot berdi hamda Kengash bilan Oʻzbekiston oʻrtasida samarali munosabatlarni rivojlantirishga har tomonlama koʻmaklashishga tayyor ekanini tasdiqladi.


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.