Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 iyul kuni Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi Tashqi aloqalar qoʻmitasi raisi Fuat Oktay boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv avvalida Fuat Oktay Oʻzbekiston yetakchisiga uning Prezident saylovidagi ishonchli gʻalabasi munosabati bilan qardosh Turkiya Prezidenti va xalqining samimiy tabriklarini yetkazdi.
Turkiya tomoni Oʻzbekiston Prezidentining aholi farovonligini oshirish va mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan pragmatik siyosatini yuksak baholashi va toʻliq qoʻllab-quvvatlashi qayd etildi.
Muzokaralar chogʻida parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish hamda oliy darajada qabul qilinayotgan qarorlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari parlamentlararo hamkorlik guruhlarini tashkil etish va tegishli “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish yuzasidan erishilgan kelishuvlarni olqishladi.
Shuningdek, uchrashuvda oʻzaro savdo hajmini oshirish va aviaqatnovlarni koʻpaytirish, istiqbolli investitsiya loyihalarini ilgari surish, qoʻshma madaniy-gumanitar tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha muvofiqlashgan choralar koʻrilishi muhim ekani taʼkidlandi.