Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni “Oʻzbekiston – Ozarbayjon – Turkiya” formatidagi birinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkent shahrida boʻlib turgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavushoʻgʻli boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Turkiya delegatsiyasi tarkibida uchrashuvda savdo vaziri Mehmet Mush hamda transport va infratuzilma vaziri Odil Qoraismoiloʻgʻli qatnashdi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv avvalida vazir Mavlud Chavushoʻgʻli davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Turkiya tomoni Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va siyosiy yangilanishlar dasturini, shuningdek, mamlakatimizning, eng avvalo, mintaqada doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ishonch munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan tashqi siyosatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani alohida taʼkidlandi.
Tomonlar Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi keng koʻlamli strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib, amaliy hamkorlik mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Oʻzaro savdo va investitsiyalar koʻrsatkichlari jadal surʼat bilan oʻsib bormoqda, faol gumanitar almashinuvlar davom etmoqda.
Ulkan hamkorlik salohiyatidan, shu jumladan hududlararo aloqalarni faollashtirish orqali samarali foydalanishga qaratilgan Oʻzbekiston va Turkiya yetakchilarining kelishuv va qarorlarini amalga oshirishga alohida eʼtibor berildi.
Savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, energetika, sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, turizm va sogʻliqni saqlash sohalarida qoʻshma kooperatsiya loyihalari va dasturlarini tezlashtirish muhimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari yuqori martabali mehmonlarni Oʻzbekiston, Ozarbayjon va Turkiya tashqi ishlar, savdo va transport vazirlarining birinchi uchrashuvi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan tabrikladi.
Mintaqaviy kun tartibi, shu jumladan Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik taʼminlanishiga koʻmaklashish hamda joriy yilning kuzida Samarqand shahrida oʻtkaziladigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga tayyorgarlik koʻrish masalalari yuzasidan fikr almashildi.