Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavushoʻgʻlini qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston-Turkiya keng koʻlamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida tashqi ishlar vaziri Chavushoʻgʻli Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Davlatimiz rahbari oliy darajadagi muntazam va sermahsul muloqotlar koʻp qirrali hamkorlikning jadal rivojlanishiga xizmat qilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda, oʻtgan yilda 370 ta yangi qoʻshma korxona tashkil etildi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi aviatashuvlar soni koʻpaymoqda.
Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida, shu jumladan sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish dasturlari doirasida yangi investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Koʻp tomonlama tuzilmalar, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi.