Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 may kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuv avvalida Turkiya parlamenti raisi davlatimiz rahbariga Prezident Rejep Tayyip Erdogʻanning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi yuksak bosqichi, barcha darajada faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash va investitsiya koʻrsatkichlari oʻsmoqda, qoʻshma loyihalar va korxonalar, aviaqatnovlar soni ortib bormoqda. Ikki mamlakatda qoʻshma madaniy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekiston va Turkiya qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasida samarali aloqalar yoʻlga qoʻyilgan.
Parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligi kun tartibini shakllantirishda va oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi ustidan nazoratni taʼminlashda doʻstlik guruhlari va tegishli qoʻmitalarning faol ishtiroki muhim ekani taʼkidlandi.
Investitsiya dasturlarini ilgari surish, turizm, ishbilarmonlik va taʼlim almashinuvlarini ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xalqaro tuzilmalar, xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi parlamentlararo hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi.