Oʻzbekiston Prezidenti Turkiya Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

0
61
marta koʻrilgan.

26 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari Turkiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sogʻlik va katta muvaffaqiyatlar hamda qardosh turk xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi. Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlari bugungi keng koʻlamli strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlikdek yuksak darajaga koʻtarilishida Prezident Rejep Erdogʻanning shaxsiy hissasi alohida qayd etildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Turkiyaning janubi-sharqiy muzofotlarida sodir boʻlgan vayronkor zilzilalar munosabati bilan yana bir bor dalda soʻzlarini izhor etdi va ularning oqibatlarini bartaraf etishda zarur yordamni koʻrsatishga tayyorligini tasdiqladi.

Turkiya Prezidenti, oʻz navbatida, eng murakkab pallada koʻrsatilgan koʻmak uchun Oʻzbekiston Prezidenti va qardosh xalqiga chuqur minnatdorlik bildirdi. Qutqaruvchilar va tibbiyot xodimlarining faoliyati tufayli oʻnlab insonlarning hayoti saqlab qolindi, Hatay muzofotining minglab aholisiga malakali yordam koʻrsatildi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati, ziyolilari va jamoatchilik vakillarining saʼy-harakatlari katta maʼnaviy koʻmak boʻldi.

Suhbatda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. 2022 yilning noyabr oyida Samarqand shahrida oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni soʻzsiz amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Boʻlajak uchrashuvlar rejasi, shu jumladan Oʻzbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yigʻilishiga hamda Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, ishonchli va doʻstona ruhda oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.