Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 fevral kuni Anqara shahrida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Tadbirda Turkiya savdo palatalari va birjalari uyushmasi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), «Gebze» uyushgan sanoat zonasi, «Ziraat» banki, «Zorlu xolding», «Joshkunoz xolding», «Ekzachibashi», «Baykar», «Dunyagoz», «Kanimed saglik», «Bau global», «Xavelsan» kabi qator kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari Turkiya Prezidenti bilan oʻtgan muzokaralarda biznes aloqalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga kelishib olinganini taʼkidladi.
— Oʻzbekiston kechagi Oʻzbekiston emas. Bugun mamlakatimizga kirgan kompaniya albatta, manfaat topadi. Men bunga kafolat beraman. Buning uchun zarur huquqiy, institutsional sharoitlar yaratib beriladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz har bir xorijiy tashrif chogʻida ishbilarmonlar bilan uchrashadi. 2017 yili Turkiyaga davlat tashrifi paytida ham shunday boʻlgan edi. 2018 yili Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari Toshkentda oʻtgan biznes anjumanda qatnashdi. Bular natijasida ishbilarmon doiralar oʻrtasida ishonch oshdi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik faollashdi.
Oxirgi yillarda oʻzaro savdo hajmi ikki barobardan ziyodga ortdi. Qoʻshma shirkatlar soni salkam mingtaga koʻpaydi. Transportda tashish koʻlamlari jadal kengayib bormoqda.
Bugungi kunda Turkiya kompaniyalari mamlakatimizda qurilish, energetika, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, turizm, xizmat koʻrsatish va boshqa sohalarda faoliyat yuritmoqda. Bunda qoʻshma sarmoyaviy loyihalar ijrosi nazoratga olingani, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish ragʻbatlantirilayotgani muhim omil boʻlmoqda.
Masalan, 2019 yilda Turkiyaning “Calik Enerji” kompaniyasi ishtirokida Navoiy issiqlik elektr stansiyasining ikkinchi bugʻ-gaz qurilmasi ishga tushirildi.
Mamlakatimizda 1993 yildan buyon vakolatxonasi faoliyat koʻrsatayotgan Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi yurtimizdagi tibbiyot va taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, qishloq xoʻjaligi hamda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan qator loyihalar hayotga tatbiq etilishida faol qatnashib kelmoqda.
Turizm ham hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan. Turkiyalik fuqarolar uchun Oʻzbekistonda vizasiz rejim joriy etilgani va yurtimizda ziyorat turizmiga qulay sharoitlar yaratilayotgani sayyohlar oqimi koʻpayishiga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Samarqand-Istanbul yoʻnalishi boʻyicha qoʻshimcha aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyildi.
Uchrashuvda, shuningdek, kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng koʻlamda amalga oshirish, savdo, innovatsiya, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport, turizm, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoati, boshqa tarmoqlarda qoʻshma loyihalarni faol ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.
Turkiyalik ishbilarmonlar oʻtgan yili Oʻzbekistonga borgani, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida oʻzgarishlarga, odamlarda «islohotlar tafakkuri»ga guvoh boʻlganini taʼkidladi. Oʻzbekiston bozoriga kirish, hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanini bildirdi.
Shu bilan bir qatorda «Ronesans Holding» bilan «Oʻzbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga 630 million yevro, Olmaliq togʻ-kon metallurgiya kombinatiga 4,1 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar kiritish, shuningdek, shifoxonalar va savdo markazlarini qurish boʻyicha umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarlik yangi loyihalarni amalga oshirish toʻgʻrisida kelishuvlarga erishildi.
Bugungi uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Turkiyaning vazirlik va kompaniyalari oʻrtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, oʻzaro mahsulot yetkazib berish va xizmat koʻrsatishni kengaytirish, klinikalar va oliy oʻquv yurtlari tashkil etish boʻyicha aniq loyihalar muhokama qilindi. Prezidentimiz bu rejalarni maʼqullab, mutasaddilarga tez fursatlarda amaliy ishlarga oʻtish, byurokratik toʻsiqlarsiz ularni hayotga tatbiq etish boʻyicha topshiriqlar berdi.