Oʻzbekiston Prezidenti Turkman xalqining milliy yetakchisi bilan telefon orqali muloqot qildi

0
79
marta koʻrilgan.

15 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Dastlab davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovga ogʻir judolik — onasi Ogulabat edje Berdimuhamedova olamdan oʻtgani munosabati bilan chuqur hamdardlik va taskin-tasalli soʻzlarini izhor etdi, unga va barcha yaqinlariga sabr-toqat va bardosh tiladi.

Suhbatda ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosining borishi muhokama qilindi. Yil boshidan buyon oʻtgan ikki tomonlama muloqotlar – Hukumatlararo komissiya yigʻilishi, siyosiy maslahatlashuvlar, transport va madaniyat vazirlarining uchrashuvlari, diplomatik munosabatlar oʻrnatilgani 30 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan boshqa tadbirlarning samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy, energetika va suv xoʻjaligi sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash boʻyicha faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Telefon muloqoti yakunida yetakchilar bir-birini va qardosh mamlakatlarimiz xalqlarini yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bilan dildan qutladilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.