Oʻzbekiston Prezidenti Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisiga tabrik yoʻlladi

0
106
marta koʻrilgan.

Turkman xalqining milliy yetakchisi,

Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi

Gurbanguli Berdimuhamedov

Janobi Oliylariga

Hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich!

Qadrli doʻstim!

Sizni aloqalarimiz tarixidagi muhim sana – Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganining 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarimni yoʻllashdan bagʻoyat xursandman.

Davlatlarimizning yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro yaqin hamkorlik rishtalari asrlar davomida yonma-yon tinch va totuv yashab kelayotgan, ildizlari mushtarak va qon-qardosh boʻlgan xalqlarimizning umumiy farovonligi va ravnaqiga, shuningdek, mintaqamiz tinchligi va barqarorligi uchun muhim poydevor boʻlib xizmat qilib kelmoqda.

Shu oʻrinda doʻst mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni har tomonlama kengaytirishda, oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan strategik sheriklikni misli koʻrilmagan darajada yuksaltirishda Siz, Janobi Oliylarining qoʻshib kelayotgan ulkan hissangiz borligini alohida taʼkidlashni istar edim.

Siz bilan oʻrtamizda qaror topgan doimiy ochiq va ishonchli muloqotlar, davlatlararo munosabatlarimizni tartibga soluvchi samarali mexanizmlarning yaratilgani barcha ustuvor yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun mustahkam zamin boʻlib xizmat qilmoqda.

Hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich!

Sizning uzoqni koʻzlagan, oqilona ichki va tashqi siyosatingiz natijasida bugungi kunda Turkmaniston barcha jabhalarda katta yutuq va marralarga erishmoqda, aholining farovonligi muttasil oshib, mamlakatning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori yuksalib bormoqda.

Oʻtgan yilning 11 noyabrida Samarqandda boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Sizning shaxsan ishtirokingiz va “Turkiy dunyoning oliy ordeni” bilan taqdirlanganingiz anjumanning ahamiyatini yanada oshirishga beqiyos hissa qoʻshish barobarida, qardosh oʻzbek va turkman xalqlarining doʻstona aloqalari naqadar yuqori darajada ekanini dunyoga yana bir karra namoyish etdi.

Sizning yurtingiz va elingiz ravnaqi uchun qilayotgan ulugʻvor va tarixiy ishlaringiz, uzoq istiqbolga yoʻnaltirilgan strategiya va dasturlaringiz, olib borgan koʻlamdor islohotlaringiz natijasida yaqinda betaraf Turkmanistonning Xalq hokimiyati Oliy vakillik organi – Xalq Maslahatining raisi etib tasdiqlandingiz va Turkman xalqining milliy lideri maqomiga sazovor boʻldingiz.

Hech shubhasiz, azaliy qardoshlik, boqiy doʻstlik va bir-birini qoʻllab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan uzoq muddatli hamda keng qamrovli sherikligimiz bundan keyin ham izchil davom etadi, deb qatʼiy ishonaman.

Fursatdan foydalanib, Sizga mustahkam sogʻliq, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat, sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh turkman xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, davomiy taraqqiyot
va farovonlik tilab qolaman.

Samimiy ehtirom ila,

Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.