24 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov oʻrtasida telefon orqali muloqot boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Xalq Maslahati Raisi Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va birodar turkman xalqi nomidan davlatimiz rahbarini tugʻilgan kuni bilan dildan muborakbod etib, Oʻzbekistonga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, barqaror taraqqiyot va ravnaq tiladi.
Oʻzbekiston-Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Joriy yil 14-15 iyul kunlari mamlakatimizga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifning samarali yakunlari yuqori baholandi. Qabul qilingan “yoʻl xaritasi” asosida erishilgan kelishuvlarni, shu jumladan Sanoat kooperatsiyasi boʻyicha oʻrta muddatli dasturni, Chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish loyihasini, birinchi Hududlar forumi va Ishbilarmonlar kengashi yakunida imzolangan savdo shartnomalari va bitimlarini amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.
Samarali yoʻlga qoʻyilgan parlamentlararo muloqot doirasida olib borilayotgan faol aloqalar va almashinuvlar alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi, jumladan, joriy yil noyabr oyida Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining sammitini oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi.