Oʻzbekiston Prezidenti Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi bilan telefon orqali muloqot qildi

0
168
marta koʻrilgan.

29 dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yoʻlladi.

Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik, ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Joriy yilning 14-15 iyul kunlari Turkmaniston Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi hamda 20-21 oktyabr kunlari Oʻzbekiston Prezidentining Turkmanistonga rasmiy tashrifida, shuningdek, koʻp tomonlama tashkilotlar doirasidagi uchrashuvlarda erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Barcha ustuvor yoʻnalishlardagi hamkorlik ancha faollashgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Savdo hajmi oshmoqda, sanoat, energetikada kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, samarali hududlararo aloqalar rivojlanmoqda, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari roʻyobga chiqarilmoqda.

Parlamentlararo muloqot, shu jumladan Markaziy Osiyo mintaqasida yangi darajaga koʻtarilgani taʼkidlandi.

Suhbat yakunida Oʻzbekiston Prezidenti va Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bilan bir-birini samimiy qutlab, qardosh xalqlarimizga farovonlik, tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilaklarini bildirdilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.