Oʻzbekiston Prezidenti umumiy quvvati 2,4 gigavattlik “yashil” elektr stansiyalarini ishga tushirdi

0
82
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni mamlakatimizning oltita hududida 5 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish va tarmoqqa ulashga bagʻishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirda ushbu muhim investitsiya loyihalarning hamkorlari boʻlgan “Masdar” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamol Al-Ramahiy, “China Energy Engineering Corporation” kompaniyasi vitse-prezidenti Vu Yun, “China Energy International Group” kompaniyasi boshqaruvi raisi Lyu Szesyan, “China Gezhouba Group” kompaniyasi boshqaruvi raisi Lin Syaodan, “SEPCO III”, “Dongfang Electric Corporation” va boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Oʻzbekistonda energetika tizimini isloh qilish va barqarorligini oshirish boʻyicha keng koʻlamli dastur amalga oshirilmoqda.

Keyingi yillarda tarmoqda xususiy sektor va yetakchi xorijiy kompaniyalar faoliyatiga qulay sharoitlar yaratildi. Ular ishtirokida Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energetika salohiyatini kengaytirishga qaratilgan koʻplab loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Xususan, ilk bor 100 foiz toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan, davlat-xususiy sheriklik asosida  Karmana va Nurobod tumanlarida umumiy quvvati 200 megavattlik quyosh stansiyalari barpo etilib, oʻtgan davrda ular 1 milliard kilovatt soat “yashil” elektr energiyasini ishlab chiqardi.

Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 900 megavatt boʻlgan uchta zamonaviy fotoelektr stansiyasini barpo etish loyihasi yakunlandi. Shuningdek, Navoiy viloyati Tomdi tumanida 500 megavattlik shamol elektr stansiyasining birinchi bosqichi qurib bitkazildi.

Bundan tashqari, Xitoyning “China Gezhouba Group” kompaniyasi tomonidan Buxoro va Qashqadaryoda umumiy quvvati 1000 megavattlik quyosh stansiyalarining birinchi bosqichi qurilishi yakunlandi.

Ushbu qurilish ishlari juda qisqa fursatda – 9 oyda bitkazilgani diqqatga sazovor.

Marosimda davlatimiz rahbari xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish va tarmoqqa ulashga start berdi.

Bu loyihalarga katta amaliy hissa qoʻshgan investorlar, muhandis va quruvchilarga alohida minnatdorlik bildirildi.

Jami qiymati 2 milliard dollarlik ushbu stansiyalar toʻliq ishga tushsa, ikki millionta xonadon uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlanadi, 2 milliard kub metr tabiiy gazni tejash hamda sanoat va xizmatlar sohasida 4 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratish imkoniyati paydo boʻladi.

Prezidentimiz oʻz nutqida bu sohadagi kelgusi rejalarga toʻxtalib oʻtdi.

– Biz bugun amalga oshirayotgan ulkan ishlar energetika tarmogʻidagi islohotlarning navbatdagi qadamidir. Bu chora-tadbirlarni tizimli davom ettirib, raqobatli bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtamiz.

Hozir yurtimizda 9 gigavattli 22 ta quyosh va shamol elektr stansiyasini qurish loyihalari ustida ishlayapmiz. Xorijiy kompaniyalar bilan sermahsul hamkorligimizni tobora kengaytirib boramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Umuman, 2030 yilgacha “yashil” energetika manbalarini 27 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan. Bu har yili 25 milliard kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish, atmosferaga zararli tashlanmalarni 34 million tonnaga qisqartirishga xizmat qiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.