Oʻzbekiston Prezidenti va BMT Bosh kotibining birinchi oʻrinbosari mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlarining amalga oshirilishini muhokama qildilar

0
133
marta koʻrilgan.

8 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda tashrif bilan boʻlib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining birinchi oʻrinbosari Amina Muhammad bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Jahonning bosh halqaro tashkiloti delegatsiyasi tarkibida uchrashuvda BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi rahbari Olga Algayerova va BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Roli Astxana ham ishtirok etdi.

Mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish doirasida BMTning institut va markazlari bilan koʻp qirrali va samarali hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Delegatsiya rahbari Oʻzbekiston yetakchisiga tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Taʼkidlanganidek, BMT davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik siyosatni, shuningdek, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan hamda 2030 yilga qadar barqaror taraqqiyot sohasidagi global kun tartibining asosiy vazifalariga toʻliq mos boʻlgan tub islohotlar dasturini yuksak baholaydi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston BMTning barcha tuzilmalari bilan faol hamkorlik qilmoqda – birgalikda turli yoʻnalishlarda 200 dan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzosidir.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston tashabbusi bilan tashkilot Bosh Assambleyasining qator muhim maxsus rezolyusiyalari qabul qilindi. Bundan tashqari, ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilingan Orolboʻyi mintaqasi boʻyicha BMT Trast fondi tashkil etildi.

BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, YUNYeSKO, YUNIDO, FAO, global tashkilotning boshqa tuzilmalari bilan samarali amaliy hamkorlik kengaymoqda.

Uchrashuvda faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish, Oʻzbekistonda Barqaror rivojlanishning, eng avvalo, aholi turmush sifatini yaxshilash va farovonligini yuksaltirishga qaratilgan asosiy maqsadlari ijrosini taʼminlash uchun hamkorlikni mustahkamlash va qoʻshma tadbirlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Kambagʻallikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarida keng koʻlamli islohotlarni ilgari surish, gender tenglik boʻyicha milliy strategiyani amalga oshirish, “yashil” energetikani jadal rivojlantirish, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa  masalalar yana bir bor sheriklikning ustuvor sohalari sifatida qayd etildi.

Xalqaro siyosat masalalari va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.

BMT Bosh kotibining birinchi oʻrinbosari Amina Muhammad Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqada doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda ulkan muvaffaqiyatlarga erishganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oʻzbekistonning Afgʻonistonda bardavom tinchlikni taʼminlashga hamda ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga, shu jumladan yirik transport va energetika loyihalarini ilgari surish orqali koʻmaklashish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatladi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti institut va tuzilmalari bilan keng koʻlamli hamkorligini qabul qilingan “yoʻl xarita”lari asosida yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.