Oʻzbekiston Prezidenti va Fransiya taraqqiyot agentligi rahbari koʻp qirrali sheriklikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar

0
96
marta koʻrilgan.

Kecha, 21 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga boshlangan rasmiy tashrif doirasida Parij shahrida Fransiya taraqqiyot agentligi (FAR) bosh direktori Remi Riuni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston va Fransiya taraqqiyot agentligi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi istiqbolli loyihalar bilan boyitish masalalari koʻrib chiqildi.

Keyingi paytda oʻzaro aloqalarda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qoʻshma loyihalar portfeli 1 milliard yevroga yetdi. Agentlik ishtirokida bugun infratuzilma, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirish boʻyicha muhim dasturlar amalga oshirilmoqda.

FAR rahbari bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturining samarali natijalarini qayd etib, hamkorlikning joriy holati va salohiyatini yuksak baholadi.

Suhbatda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini, eng avvalo, taʼlim, sogʻliqni saqlash va infratuzilma sohalarida joriy qilish, energetika va transportda “yashil” iqtisodiyot loyihalarini kengaytirish, agrosanoat majmuini qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlar va yoshlarni oʻqitish va ularning tadbirkorligini moliyalashtirish loyihalarini ilgari surish kabi ustuvor yoʻnalishlarda amaliy sheriklikni chuqurlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Loyihalarni aralash tarzda, shu jumladan Fransiya kompaniyalarining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari ishtirokida moliyalashtirish mexanizmlaridan faol foydalanish muhim ekani taʼkidlandi.

Tomonlar erishilgan barcha kelishuvlarni roʻyobga chiqarish yuzasidan “yoʻl xaritasi”ni tayyorlashga kelishib oldilar.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi oʻrtasida qishloq xoʻjaligi, energetika, “yashil” iqtisodiyot, shaharlarni rivojlantirish, suv taʼminoti, bank-moliya va transport sohalarida aniq loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadigan umumiy qiymati 1 milliard yevrodan ortiq boʻlgan 2025 yilgacha strategik hamkorlik dasturini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.