Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning taklifiga binoan 2 may kuni tashrif bilan Berlinga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi ushbu mamlakat Federal Kansleri Olaf Shols bilan muzokaralardan boshlandi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Germaniya Kansleriga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.
Oʻzbekiston Germaniyani oʻzining ishonchli va strategik hamkori sifatida qabul qilishi, mamlakatlarimizni chuqur tarixiy ildizlar bogʻlab turgani qayd etildi. Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar barcha yoʻnalishlarda jadal rivojlanib bormoqda.
Oʻzaro tovar ayirboshlash va qoʻshma loyihalar soni ikki barobar ortgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Germaniyadan Oʻzbekistonga investitsiyalar hajmi 5,5 milliard dollarga yetdi, shundan 4 milliard dollar oxirgi 6 yilda jalb qilingan.
Tashrif doirasida oʻtgan qoʻshma biznes-forum yuksak baholandi. Uning yakunida umumiy qiymati 9 milliard dollarlik savdo, investitsiyaviy va texnologik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
«Yashil» energetika, qazib chiqarish, kimyo, farmatsevtika tarmoqlarida, transport infratizulmasini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish, innovatsiya va boshqa sohalardagi kooperatsiya loyihalari shular jumlasidan.
Germaniya kompaniyalarining Oʻzbekistondagi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “KfW”, “Deutsche Bank” banklari va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bilan keng koʻlamli sheriklikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Germaniya hukumati Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishini hamda Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imkon qadar tez imzolashini bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.
Siyosiy muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi. Tomonlar tashrif chogʻida Koʻp qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish toʻgʻrisida Hukumatlararo deklaratsiya imzolanishini olqishladilar.
Olaf Shols Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda doʻstlik va oʻzaro ishonch muhitini yaratish, integratsiyani chuqurlashtirish boʻyicha yangi mintaqaviy siyosatini qoʻllab-quvvatladi.
«Germaniya — Markaziy Osiyo» formatida muloqot maydonini ishga tushirishga ahdlashib olindi.
Mintaqada, shu jumladan Afgʻonistondagi vaziyatni inobatga olgan holda xavfsizlikni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Ushbu mamlakat uchun gumanitar loyihalarni davom ettirish, shu jumladan Termizdagi logistika majmuasi va Afgʻon yoshlari uchun taʼlim markazi imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi qayd etildi.
Transport va logistikani rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bogʻlaydigan samarali yoʻnalishni shakllantirishga xizmat qiluvchi Transkaspiy yoʻlagini birgalikda rivojlantirish boʻyicha yakdil fikr bildirdilar.
Madaniy-gumanitar hamkorlikning kun tartibi boy ekani mamnuniyat bilan qayd etildi. Germaniya tomoni shu kunlarda Berlin shahrida Oʻzbekistonning madaniy merosiga bagʻishlab ochilayotgan noyob koʻrgazmani yuqori baholadi.
Oʻzbekistonda nemis tilini oʻrganishga qiziqish ortib borayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Germaniya hukumati mamlakatimiz hududlarida nemis tilini oʻqitishni kengaytirishga texnik koʻmak koʻrsatishi toʻgʻrisida kelishib olindi.
Umuman, tashrif doirasida iqtisodiyot, savdo, moliya, taʼlim, fan va innovatsiya sohalarida 16 ta hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Germaniya Federal Kansleri Olaf Sholsni tashrif bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif etdi.