Oʻzbekiston Prezidenti va Germaniya Kansleri ikki mamlakat ishbilarmonlari bilan uchrashuv oʻtkazdilar

0
40
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols 16 sentyabr kuni Samarqand shahrida ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va banklari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdilar.

Tadbirda Germaniya Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish vazirligi parlament davlat kotibi Mixael Kellner, Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qoʻmitasi boshqaruvchi direktori Mixael Xarms, “KNAUF”, “CLAAS”, “Mangold Consulting”, “Gunter Papenburg”, “Siemens Energy”, “Linde Group”, “Aurubis”, “FALK PORSCHE”, “Metso”, “Edison technologies”, “Ernst Klett”, “Siemens Healthineers”, “Herrenknecht”, “DB Engineering & Consulting”, “Svevind Energy Group”, “Rhenus”, “HMS Bergbau”, “Textima” kabi yetakchi kompaniyalar hamda “KfW Development Bank”, “AKA Bank” banklarining rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari uchrashuvning ishtirokchilarini samimiy qutlab, tadbir tarixiy Samarqand shahrida oʻtkazilayotgani ramziy maʼnoga ega ekanini taʼkidladi.

Kecha boʻlib oʻtgan oliy darajadagi samarali muzokaralar yakunlariga yuksak baho berildi. Ularda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining iqtisodiyot tarmoqlarini chuqur transformatsiya va modernizatsiya qilish boʻyicha asosiy ustuvor yoʻnalishlari qoʻllab-quvvatlangani alohida qayd etildi.

Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan Sanoat va texnologik sheriklik boʻyicha qabul qilingan strategik dastur doirasida qoʻshma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini qoʻllab-quvvatlash hamda jadallashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi kelishuvlarga erishilgani uchrashuvning asosiy natijasi boʻlgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va Germaniya ishbilarmon doiralarining faol va amaliy ishtirokida oʻzaro manfaatli sheriklikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi. Bu «yashil energetika», kimyo sanoati, «yashil vodorod» ishlab chiqarish, mashinasozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik, farmatsevtika sanoati va boshqa sohalarda sanoat kooperatsiyasini nazarda tutadi.

Bundan tashqari, oʻta muhim mineral resurslar konlarini oʻzlashtirish va ularni chuqur qayta ishlash, keyinchalik Germaniya va uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish uchun yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishda Germaniya kompaniyalarining ishtiroki istiqbolli yoʻnalish sifatida belgilandi.

Energetika, transport-kommunikatsiya, kommunal va turizm infratuzilmasi obyektlarini modernizatsiya qilish, sanoat va xizmat koʻrsatish korxonalarini xususiylashtirish dasturida ishtirok etish, shuningdek, mamlakatimizda sogʻliqni saqlash, taʼlim va ekologiya sohalarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish ham hamkorlikning asosiy yoʻnalishlariga kiradi.

Uchrashuvda Prezidentimiz Germaniya biznesining Oʻzbekistondagi yirik kompaniyalar bilan yaqin hamkorligini yoʻlga qoʻyish muhimligiga alohida eʼtibor qaratdi.

Shu maʼnoda, qurilish materiallari ishlab chiqarish, metallurgiya, energetika, kimyo, transport infratuzilmasi, qishloq xoʻjaligi va mashinasozlik, tibbiyot va boshqa sohalarda yangi tashabbuslarni ishlab chiqish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni davom ettirish kerakligi taʼkidlandi.

— Uchrashuvimizni yangi formatda tashkil etdik. Oʻzbekiston tomonidan, asosan, soʻnggi yillarda mustahkam oyoqqa turib olgan va Germaniya biznesining munosib hamkori boʻlgan xususiy sektor vakillari ishtirok etmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Soʻzining yakunida Oʻzbekiston Prezidenti barcha ishtirokchilarga belgilangan rejalarni amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Oʻz navbatida, Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols mamlakatimiz bilan koʻp qirrali munosabatlar izchil rivojlanayotganini yuqori baholab, mavjud sheriklik aloqalarini mustahkamlash muhimligini taʼkidladi hamda Germaniya ishbilarmon doiralari vakillarini qoʻshma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishda dadil ishtirok etishga chaqirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.