Oʻzbekiston Prezidenti va Italiya Bosh vaziri koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qildilar

0
66
marta koʻrilgan.

Rim shahridagi rasmiy tadbirlar dasturiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kiji saroyida Italiya Respublikasi Vazirlar kengashi Raisi Jorja Meloni bilan muzokara oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari Italiya zaminida koʻrsatilayotgan samimiy mehmondoʻstlik uchun dildan minnatdorlik bildirdi.

Italiya Oʻzbekistonning Yevropadagi muhim va ishonchli sherigi ekani, keyingi yillarda siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik faollashgani qayd etildi.

Bugun strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatilgach, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar misli koʻrilmagan yuksak darajaga chiqdi. Ushbu, hech mubolagʻasiz, tarixiy voqea Oʻzbekiston-Italiya koʻp qirrali hamkorligini yanada rivojlantirishda yangi muhim bosqichning boshlanishidir.

Bosh vazir Jorja Meloni Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini hamda ularning muvaffaqiyatiga ishonishini bildirdi.

Yetakchilar munosabatlarni ustuvor yoʻnalishlarda yanada mustahkamlash istiqbollarini batafsil muhokama qildilar.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish asosiy vazifa ekani taʼkidlandi. Oʻzaro savdo va investitsiyalar hajmi keyingi yillarda ikki barobar koʻpaydi. Metallurgiya, energetika, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Kuni kecha oʻtgan biznes forumi davomida jami 9 milliard yevrodan ziyod qiymatga ega investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.

Amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini hisobga olib, tomonlar texnologik va innovatsion sheriklik boʻyicha qoʻshma loyihalarni ilgari surish muhimligini qayd etdilar.

Ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni ragʻbatlantirish zarurligi taʼkidlandi.

Madaniyat, italyan tilini oʻrganish, taʼlim va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat borligi koʻrsatib oʻtildi.

Bosh vazir Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda sheriklik, yaxshi qoʻshnichilik va ishonch muhitini mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatladi hamda “Italiya – Markaziy Osiyo” hamkorlik formatini yanada rivojlantirishga chaqirdi.

Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilar ekan, afgʻon xalqiga insonparvarlik yordamini koʻrsatishni, shu jumladan Termiz shahridagi logistika markazi imkoniyatlaridan foydalangan holda davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Bosh vaziri Jorja Melonini tashrif bilan mamlakatimizga kelishga taklif etdi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Vazirlar kengashi Raisi Jorja Meloni ikki mamlakat oʻrtasida Strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiyani qabul qildilar.

Yetakchilar huzurida koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 11 ta davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo hujjatlarni almashish marosimi ham boʻldi. Huquqiy masalalarda, sanoat mulki va qishloq xoʻjaligi sohalarida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi bitimlar shular jumlasidan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi bilan Italiya savdo agentligi oʻrtasida restavratsiya sohasida, Oʻzbekiston madaniyat va sanʼatni rivojlantirish fondi va Italiya Respublikasi madaniyat vazirligi oʻrtasida madaniyat sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumlar, tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2023-2024 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi hamda 2026 yilga qadar madaniy almashinuvlar dasturi qabul qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.