Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasida Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuvda Oʻzbekistonning tez fursatda JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimiz oʻz oldiga oʻrta va uzoq muddatli rivojlanish boʻyicha qoʻygan maqsadlardan kelib chiqqan holda tashkilotga qoʻshilish muhim ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.
Oʻzbekiston Prezidenti Ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishini tayyorlash, shuningdek, jarayonda ishtirok etayotgan mutaxassislar salohiyatini kuchaytirish va malakasini oshirish masalalariga toʻxtaldi.
JST bosh direktori Oʻzbekiston tomonidan tashkilotga aʼzo boʻlish borasida koʻrilayotgan choralarni yuqori baholadi.
Ngozi Okonjo-Iveala JST Kotibiyati Oʻzbekistonning saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini hamda mamlakatimiz yaqin kelajakda tashkilotga qoʻshilishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv yakunida Ishchi guruhining navbatdagi yigʻilishiga tayyorgarlikni jadallashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda qonunchiligimizni JST bitim va qoidalariga uygʻunlashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.