Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara oʻtkazdilar.
Uchrashuv avvalida Malayziya Hukumati rahbari Prezidentimizga Malayziya Podshohi Sulton Ibrohimning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazib, delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan iliq va samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi.
Muzokaralarda Oʻzbekiston bilan Malayziya oʻrtasidagi doʻstlik va koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Prezidenti soʻnggi 16 yilda ilk bor oʻtkazilayotgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi davr ochayotganini taʼkidladi.
— Malayziya nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida, balki jahon miqyosida katta salohiyatga ega boʻlgan, jadal oʻsib borayotgan davlatdir. Mamlakatingiz bilan aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish asosiy maqsadimiz hisoblanadi, — deb taʼkidladi Oʻzbekiston Prezidenti.
Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish, gumanitar va taʼlim dasturlarini amalga oshirish, turizm va madaniy almashinuvni faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida amaliy hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻtgan yil yakuni boʻyicha tovar ayirboshlash hajmi ikki baravardan ziyodga oʻsdi, qoʻshma korxonalar soni ortib bormoqda, Toshkent va Kuala-Lumpur oʻrtasidagi aviareyslar koʻpaymoqda.
Oʻzaro savdo hajmining kelgusida ham oʻsishini taʼminlash va koʻrsatkichlarini muvozanatlashtirish, yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.
Tashrif doirasida oʻtkaziladigan Oʻzbekiston-Malayziya biznes forumi yakunlari investitsiyaviy sheriklikni kengaytirishga, innovatsiyalar, sanoat, “yashil” energetika, neft-kimyo, elektr texnikasi va elektronika, farmatsevtika va boshqa sohalarda yetakchi kompaniyalar kooperatsiyasiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Ushbu saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida mamlakatimiz Oʻzbekiston-Malayziya sanoat zonasini tashkil etishga tayyor ekani taʼkidlandi.
Qishloq xoʻjaligida, jumladan, suvni tejash texnologiyalarini joriy etish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, «Halol» standartlari boʻyicha sertifikatlashtirish masalalari boʻyicha hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi.
Axborot texnologiyalari, kambagʻallikni qisqartirish va transport bogʻliqligini kengaytirish sohasidagi sheriklik masalalari muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik kun tartibini tizimli kengaytirish maqsadida amaldagi Savdo boʻyicha qoʻshma qoʻmitani Hukumatlararo komissiyaga aylantirish va uning birinchi yigʻilishini joriy yilda oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.
Madaniy-gumanitar almashinuvni yanada faollashtirishga qatʼiy intilish bildirildi.
Kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, energetika, islom moliyasi, ekologiya, sunʼiy intellekt, turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish, sogʻliqni saqlash sohasida ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.
Malayziyalik sayyohlarning Oʻzbekistonga oqimi tez surʼatlarda oʻsib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Ziyorat turizmi boʻyicha qoʻshma dasturlarni amalga oshirish, shu jumladan “Umra plyus” loyihasini ilgari surish hamda yoshlarimiz oʻrtasida muloqotni mustahkamlash choralari muhokama qilindi.
Yetakchilar Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari hamda Afgʻoniston masalasi yuzasidan ham fikr almashdilar. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Qoʻshilmaslik harakati doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.
«Markaziy Osiyo + ASEAN» formatida tashqi ishlar vazirlari muloqotini tuzish taklifini koʻrib chiqish tashabbusi bildirildi.
Ishonchli, ochiq va doʻstona muhitda oʻtgan muzokaralar yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri Koʻp qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi Qoʻshma bayonotni imzoladilar.