Oʻzbekiston Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri muzokaralarning samarali natijalaridan mamnunligini bildirdilar

0
51
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim muzokaralardan soʻng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot bilan chiqdilar.

Yetakchilar ochiq, ishonchli va doʻstona muhitda oʻtgan sammitning samarali natijalarini yuqori baholadilar.

Davlatimiz rahbari ikki xalq oʻrtasidagi umumiy din, mushtarak urf-odat va qadriyatlarga asoslangan azaldan yaqin aloqalarni alohida taʼkidladi.

– Malayziya nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyoda, balki butun jahonda jadal taraqqiy etib borayotgan davlat, bizning vaqt sinovlaridan oʻtgan ishonchli hamkorimizdir. Har ikki mamlakatda milliy mustaqillik bayrami bir sanada – 31 avgust kuni nishonlanishi ham ramziy maʼnoga ega, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Rivojlanish va modernizatsiyaga qaratilgan «Oʻzbekiston – 2030» va «Malayziya Madani» strategik dasturlarining maqsad va vazifalari oʻxshash ekani taʼkidlandi.

Malayziya Bosh vazirining bugungi tarixiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochishi va ularning rivojlanishiga kuchli surʼat bagʻishlashi qayd etildi.

Muzokaralar chogʻida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlar va yangi marralar belgilab olindi.

Oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqot va aloqalarni faollashtirish, qoʻshma Hukumatlararo komissiyani ishga tushirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Yaqin kelajakda ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli hamkorlik darajasiga olib chiqishga oʻzaro intilish bildirildi.

Yetakchilar tovar ayirboshlash hajmini va qoʻshma korxonalar sonini koʻpaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar. Tomonlar bu koʻrsatkichlarni yaqin kelajakda bir necha barobarga oshirish borasida tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar.

Davlatimiz rahbari bu maqsadga erishishda tovarlar nomenklaturasini kengaytirish va oʻzaro savdoning muvozanatliligini taʼminlash, uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, yuqori texnologiyali loyihalarni ilgari surish uchun maxsus sanoat zonasini yaratish lozimligini taʼkidladi.

Energetika, neft-kimyo, togʻ-kon, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, moliya, IT va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya boʻyicha aniq rejalar belgilandi.

Ertaga Samarqand shahrida ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari ishtirokida boʻlib oʻtadigan biznes forumining natijalari, imzolanadigan salmoqli investitsiya bitimlari hamkorlikka yangi mazmun bagʻishlashiga ishonch bildirildi.

Mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida yaqin muloqot va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga qatʼiy intilish tasdiqlandi.

Madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga, jumladan, madaniyat haftaliklari, yoshlar, taʼlim va sport forumlari, turli koʻrgazmalarni oʻtkazishga qaratilgan choralar qabul qilinadi.

Sammitning natijalari Oʻzbekiston-Malayziya munosabatlarini mustahkamlashga, koʻp qirrali hamkorlikni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilishi qayd etildi.

Muzokaralar yakunlari boʻyicha barcha erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha qoʻshma «yoʻl xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.