Oʻzbekiston Prezidenti va OTB rahbari strategik sheriklikni kengaytirishning yangi yoʻnalishlarini belgilab oldilar

0
136
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 mart kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masatsuga Asakavani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Bank rahbari Oʻzbekiston yetakchisini Oʻzbekistonning yetakchi xalqaro moliya institutlari rahbarlari va biznes vakillarini jamlagan Investitsiya forumi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan tabrikladi.

 OTB bilan strategik sherikligini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari va istiqbolli yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari OTB prezidentini yaqinda navbatdagi muddatga qayta saylangani bilan samimiy tabriklab, Yangi Oʻzbekistondagi yangilanishlar dasturini ilgari surishda, shu jumladan koronavirus pandemiyasi oqibatlarini oldini olishda koʻrsatilayotgan koʻmak uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.

Ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda loyihalar portfeli ikki barobarga kengayib, bugungi kunda 9 milliard dollardan oshdi. Qoʻshma loyihalar doirasidagi investitsiyalarni oʻzlashtirish surʼatlari ham ikki barobar jadallashdi.

Bank tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan va ortga qaytmas tus olgan islohotlarga, shu jumladan makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, moliya sektori, energetika, transport va infratuzilmani modernizatsiya qilish, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish borasida koʻrsatilayotgan texnik koʻmak yuqori baholandi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va OTB oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning yangi dasturini tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, “yashil” iqtisodiyotni jadal joriy etish, loyihalarni aralash moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish, biznes, shu jumladan ayollar va yoshlar tadbirkorligini moliyalashtirish dasturlarini kengaytirish, davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlarini joriy qilish, taʼlim va sogʻliqni saqlash loyihalarini qoʻllab-quvvatlash hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi.

Oʻzbekiston va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasidagi strategik sheriklikning ustuvor yoʻnalishlarini ilgari surish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni birgalikda qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.