Oʻzbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri amaliy hamkorlikni kengaytirish yoʻllarini muhokama qildilar

0
192
marta koʻrilgan.

5 fevral kuni, Pekin shahriga tashrifning ikkinchi kunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston-Pokiston strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Pokiston Bosh vaziri oʻtgan yil iyul oyida Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning ilk natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Jumladan, oʻtgan yil yakunida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 1,5 barobar ortdi, bir yilda 40 dan ortiq qoʻshma korxona tashkil etildi.

Mamlakatimizning turli hududlarida farmatsevtika preparatlari, kimyoviy tovarlar va toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Sanoat, taʼlim va kino sohalarida qator muhim loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Hududlararo aloqalar ham kengaymoqda – shu kunlarda Panjob viloyati gubernatori Sarvar Choudri boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda boʻlib turibdi.

Uchrashuvda ishbilarmonlarning qoʻshma tashabbuslari va istiqbolli investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, bank-moliya sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

“Termiz – Mozori Sharif – Kobul — Peshovar” temir yoʻlini qurish loyihasini ilgari surish borasidagi amaliy ishlarni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Oliy va yuqori darajalardagi boʻlajak muloqotlar rejasi ham koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vazirining uchrashuvi har doimgidek ochiq, ishchan va doʻstona ruhda oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.