Oʻzbekiston Prezidenti va Qatar Amiri ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga kelishib oldilar

0
84
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy uchrashuv oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Amir hamda doʻst Qatar xalqini milliy bayrami – Mustaqillik kuni bilan samimiy qutladi.

Qatar Amiri, oʻz navbatida, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro mukofotni topshirish marosimi Toshkent shahrida yuksak saviyada tashkil etilgani hamda koʻrsatilayotgan iliq mehmondoʻstlik uchun mamlakatimiz yetakchisiga minnatdorlik bildirdi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Barcha darajalarda faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yilda Toshkent va Doha shaharlarida ikki mamlakat diplomatik vakolatxonalari ochildi. Oʻzaro savdo hajmi oshmoqda, Qatarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik loyihalar boshlandi.

Uchrashuvda yangi qoʻshma investitsiya loyihalarini, shu jumladan “yashil” energetika, sanoat, qishloq xoʻjaligi, infratuzilmani rivojlantirish, bank-moliya, taʼlim, sogʻliqni saqlash, turizm sohalarida ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

Transport va logistika borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish yoʻllari koʻrib chiqildi. Xususan, Qatar tomoni Transafgʻon temir yoʻlini barpo etish loyihasini toʻliq qoʻllab-quvvatladi.

2024 yilda Doha shahrida qoʻshma Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlik kengashining birinchi yigʻilishlarini, ikki mamlakat biznes forumini tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Tomonlar kelgusi yilda madaniy-gumanitar tadbirlarni oʻtkazish masalalarini ham muhokama qildilar.

Erishilgan kelishuvlar oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston va Qatar yetakchilari ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida Muvofiqlashtirish kengashini tuzish lozimligini taʼkidladilar.

Davlatimiz rahbarining Oʻzbekistonda BMT shafeligida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Shu bilan Amir shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy mamlakatimizga amaliy tashrifini yakunlab, Qatarga joʻnab ketdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.