Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasiga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Moskva shahridagi «Vnukovo» aeroportida davlatimiz rahbarini Rossiya Hukumati Raisining oʻrinbosari, sanoat va savdo vaziri Denis Manturov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Moskva shahriga amaliy tashrifi doirasida 8 may kuni Kremlda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi. Ustuvor yoʻnalishlardagi koʻp qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Suhbat avvalida ikki mamlakat yetakchilari Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 78 yilligi munosabati bilan bir-birini samimiy qutlab, faxriylarimiz, doʻst xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbarini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha umumxalq referendumi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan ham tabrikladi.
Uchrashuvda ikki mamlakat yetakchi korxona va kompaniyalarining joriy va istiqbolli kooperatsiya loyihalarini, shu jumladan Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida qoʻllab-quvvatlash muhim ekani taʼkidlandi.
Oʻtgan oyda Toshkent shahrida oʻtgan “Innoprom” xalqaro sanoat koʻrgazmasining samarali natijalari yuqori baholandi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash surʼatini taʼminlash boʻyicha muvofiqlashtirilgan choralarni koʻrish zarurligi qayd etildi. Oʻzbekiston va Rossiya hududlari darajasidagi faol muloqotlar qoʻllab-quvvatlandi.
Bundan tashqari, tomonlar jadal madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirishdan, jumladan, sogʻliqni saqlash, fan va taʼlim, madaniyat va sanʼat sohalarida tadbirlar oʻtkazishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Boʻlajak xalqaro tadbirlar rejasi ham koʻrib chiqildi.