Oʻzbekiston Prezidenti va Singapur Prezidenti muzokara oʻtkazdilar

0
122
marta koʻrilgan.

Bugun, 24 may kuni, “Koʻksaroy” qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqubning muzokaralari boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv avvalida Singapur Prezidenti mamlakatimiz rahbariga Oʻzbekistonga davlat tashrifi bilan kelish taklifi va Singapur delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan iliq qabul uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Boʻlajak Oʻzbekiston Prezidenti saylovida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Ushbu oliy darajadagi tashrif ikki mamlakat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan buyon oʻtgan 25 yil ichida birinchisi ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga shu yil yanvardagi tarixiy tashrifi yakunida hamkorlikning muhim yoʻnalishlari boʻyicha erishilgan barcha kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muzokaralarda siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlash, davlat boshqaruvi sohasida kadrlar tayyorlash dasturlarini amalga oshirish, jamoat xavfsizligi va madaniy-gumanitar almashinuv boʻyicha muloqotlarni faollashtirish masalalariga katta eʼtibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda ulkan yutuqlarga erishilayotgani alohida taʼkidlandi. Joriy yil boshidan oʻzaro savdo koʻrsatkichlari bir necha barobar oshdi. Singapur Oʻzbekistonning eng yirik investorlari safiga kirdi.  Bugungi kunda Singapurning “Indorama”, “Meinhardt Group”, “Franklin Templeton”, “Enercon”, “PSA”, “Changi Airport” va boshqa yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda kimyo va toʻqimachilik sanoati, transport va logistika, shaharsozlik, taʼlim xizmatlari, xususiylashtirish sohalarida 3,8 milliard dollarlik loyihalarning amalga oshirilishi faol pallaga kirgan.

Iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari batafsil koʻrib chiqildi. Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasidagi Oʻzbekiston-Singapur biznes-forumi natijalari savdo, logistika, innovatsiyalar, energetika, sogʻliqni saqlash kabi sohalarda yetakchi kompaniyalarning investitsiyaviy sherikligini kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va oziq-ovqat mahsulotlarining Singapur bozoriga yetkazib berilishini yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi. 

Tomonlar gumanitar loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni kengaytirishga qatʼiy intilishini bildirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida tashkil etilgan qoʻshma taʼlim markazi doirasida Singapurning davlat boshqaruvi va boshqaruv kadrlarini tayyorlash borasidagi tajribasini joriy etish muhimligi taʼkidlandi.

Singapurning Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalari faoliyati hamda ikki mamlakat oʻrtasidagi muntazam madaniy, taʼlim va turizm almashinuvlarining faollashishi qoʻllab-quvvatlandi.

Davlat rahbarlari Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyoda mintaqaviy integratsiyaning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashib, xalqaro maydonda, eng avvalo BMT doirasida hamda Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilish jarayonida oʻzaro anglashuv va qoʻllab-quvvatlash darajasi yuqori ekanini qayd etdilar.

Muzokaralar ishonch, ochiqlik va doʻstlik ruhida oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.