Oʻzbekiston Prezidenti va Turkman xalqining milliy yetakchisi ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanayotganidan mamnunligini bildirdilar

0
69
marta koʻrilgan.

28 dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Suhbat avvalida Oʻzbekiston Prezidenti va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi bir-birini yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan dildan qutlab, qardosh xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini bildirdilar.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga oʻzining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yoʻlladi.

Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va chuqurlashgan strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Ilgari erishilgan, shu jumladan parlamentlararo muloqot doirasidagi kelishuvlar ijrosining borishi muhokama qilindi.

Tomonlar barcha ustuvor yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlik sezilarli faollashganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Oʻzaro savdo hajmi oshmoqda – 2023 yil yakuni bilan tovar ayirboshlash 1 milliard dollardan ortadi. Poytaxt Toshkent va Ashxobod shaharlarida savdo uylari ochildi, birgalikda “Shovot-Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasini barpo etish boʻyicha ishlar davom etmoqda.

Sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport sohalarida ikki mamlakat yetakchi korxonalarining kooperatsiyasi kuchaymoqda, hududlararo aloqalar kengaymoqda. Joriy yilda Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yigʻilishlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Qoʻshma madaniy-gumanitar tadbirlar, shu jumladan Madaniyat kunlari va ijodiy jamoalarning safarlari oʻtkazilmoqda.

Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi. 2024 yilga moʻljallangan uchrashuvlar rejasi koʻrib chiqildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.