Oʻzbekiston Prezidenti va Vengriya Bosh vaziri tor doirada uchrashuv oʻtkazdilar

0
129
marta koʻrilgan.

Budapeshtdagi “Karmelita” saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban tor doirada ikki tomonlama muzokara oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Suhbatda Oʻzbekiston-Vengriya strategik sherikligini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Prezidenti doʻst Vengriya yetakchisiga tashrif davomida koʻrsatilgan samimiy qabul va iliq mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali strategik sheriklik jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Viktor Orbanning 2021 yil martda yurtimizga rasmiy tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar Oʻzbekiston-Vengriya munosabatlarida yangi sahifa ochgani hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori bosqichga koʻtargani alohida taʼkidlandi.

Turli darajalardagi muloqotlar faollashdi, samarali siyosiy muloqot va parlamentlararo hamkorlik yoʻlga qoʻyildi, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, qoʻshma investitsiya loyihalarini, shu jumladan sanoat kooperatsiyasi orqali amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda, ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini toʻldirib turishi, rivojlanish strategiyalari diversifikatsiya va industriallashuvga qaratilgani  bilan bir-biriga oʻxshashligi qayd etildi.

Keyingi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash qariyb 3 barobar oshgani, uni yanada koʻpaytirish uchun barcha imkoniyatlar va omillar mavjudligi taʼkidlandi. Oʻzbekiston Yevroittifoqning «GSP+» aʼzosi maqomiga ega ekani ham bunga xizmat qiladi.

Tomonlar oʻzaro imtiyoz va preferensiyalar taqdim etish, tayyor mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma quvvatlar yaratish va shu orqali MDH, Sharqiy va Janubiy Osiyo hamda Yaqin Sharq bozorlariga chiqishga intiladi.

Farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, mashinasozlik, innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport hamda ilmiy tadqiqotlar hamkorlik uchun istiqbolli yoʻnalishlar sifatida qayd etildi.

Ikki mamlakat yetakchilari dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni ham muhokama qildilar. Xalqaro tuzilmalar, shu jumladan BMT, YeXHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqalar doirasidagi hamkorlik masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

Vengriya Bosh vaziri joriy yilning noyabr oyida Samarqandda oʻtkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitida ishtirok etishini tasdiqladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.