Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil Reno-Basso xonimni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini ilgari surishda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining faol ishtirokini davom ettirishga doir amaliy jihatlar muhokama qilindi.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston va YeTTB hamkorligida misli koʻrilmagan yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bankning mamlakatimizdagi loyihalari portfeli 3 milliard yevroga yetdi, unda xususiy sektorga investitsiyalar ulushi 50 foizgacha oshdi.
Ushbu yetakchi moliyaviy institutning sarmoyalari hajmi boʻyicha Oʻzbekiston ketma-ket ikkinchi yil mintaqada peshqadam boʻlib turibdi.
YeTTBning Andijon va Urganch shaharlaridagi filiallari faoliyat yuritmoqda.
Prezident Odil Reno-Basso davlatimiz rahbarini Toshkent xalqaro investitsiya forumining muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan samimiy qutlab, bank Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga erishish yoʻlida toʻliq qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuvda sheriklik munosabatlarini kengaytirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tayyorlashga kelishib olindi.
Davlat korxonalari va baknlarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, “yashil” taraqqiyot, energetika va transport sohalaridagi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlarini, eng avvalo, infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surishga joriy qilish, shuningdek, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligiga oid dasturlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, kelgusi yilda Oʻzbekistonda YeTTB Boshqaruvchilar kengashining yillik yigʻilishini oʻtkazishga tayyorgarlikning borishi koʻrib chiqildi.