Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 dekabr kuni Butunjahon iqlim sammiti doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv oʻtkazdi, , deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ushbu nufuzli moliyaviy institut bilan amaliy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari joriy yil may oyida Samarqandda oʻtgan YeTTB Boshqaruvchilar kengashi yigʻilishining samarali natijalarini yuksak baholadi.
Bankning mamlakatimizdagi investitsiyalari 3,5 milliard yevrodan oshgani, loyihalar portfelining 60 foizi xususiy sektorga toʻgʻri kelayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mamlakatimiz bilan sheriklik boʻyicha ishlab chiqilayotgan Sheriklik strategiyasi, eng avvalo, kichik va oʻrta biznes, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, bank sohasida xususiylashtirish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda hamkorlik sifati va koʻlamini salmoqli darajada oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish dasturini amalga oshirish doirasida hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Kelgusi yilda Xorijiy investorlar kengashi navbatdagi yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish masalalari ham koʻrib chiqildi.