Oʻzbekiston Prezidenti vatandoshlar bilan uchrashdi

0
25
marta koʻrilgan.

AQSHga amaliy tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 sentyabr kuni Qoʻshma Shtatlarda yashayotgan va ishlayotgan bir guruh vatandoshlarimiz hamda ushbu mamlakatning yetakchi oliy taʼlim dargohlarida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Ochiq va jonli muloqot shaklida oʻtgan tadbirda davlatimiz rahbari Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida soʻzlab berdi, mamlakatimiz modernizatsiyasiga koʻmaklashishda vatandoshlarimizda ulkan salohiyat borligiga eʼtibor qaratdi.

Vatandoshlar va ularni birlashtiruvchi tashkilotlar misli koʻrilmagan yuqori darajaga chiqqan Oʻzbekiston-AQSH hamkorligini rivojlantirishga katta hissa qoʻshayotgani alohida taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari vatandoshlarimiz bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning jamoat birlashmalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, xorijda oʻzbek tili kurslarini tashkil etishga keng koʻmaklashishi, vatandoshlar Oʻzbekistonning tarixiy shaharlarini ziyorat qilishi uchun maxsus turiszm xizmatlari toʻplamlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

— Biz taʼlim, tibbiyot, iqtisodiyotda olib borayotgan yangilanishlar natijasini har bir yurtdoshimiz oʻz hayotida his qilishi kerak. Sizlardek xorijda oʻqigan, yirik kompaniyalarda ishlab, tajriba orttirgan yuqori malakali mutaxassislar ham yurtimizga qaytib kelishi va butun salohiyati bilan Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda ishtirok eta olishlari uchun barcha sharoitni yaratishimiz kerak, — dedi Prezidentimiz. – Bugun shu yerdagi har bir oʻzbekistonlikda kuchli Vatan hissi va uning rivojiga hissa qoʻshish ishtiyoqini koʻrib, juda xursand boʻldim. Sizlarni Oʻzbekistonda kutib qolamiz.

Uchrashuv ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan tub va keng koʻlamli islohotlar xalqimiz farovonligini yanada oshirish, yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga xizmat qilayotganini taʼkidladilar.

Katta kompaniyalarda ishlayotgan va nufuzli oliy taʼlim dargohlarida oʻqiyotgan vatandoshlar oʻz fikr va takliflarini bildirdi. Jamiyat hayoti va iqtisodiyotning turli masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Qaratilayotgan katta eʼtibor uchun samimiy minnatdorlik bildirib, vatandoshlar Oʻzbekiston rivojiga munosib hissa qoʻshishga tayyorligini taʼkidladilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.