Xitoyga tashrif tadbirlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qoʻmitasi Raisi Van Xunin bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Suhbatda Xitoy tomoni davlatimiz rahbari “Makon va yoʻl” uchinchi xalqaro forumida ilgari surgan muhim tashabbuslarni yuksak baholadi va buning uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Oʻzbekiston-Xitoy doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.
Konstruktiv siyosiy muloqotning bugungi darajasi va xalqaro tashkilotlar doirasidagi oʻzaro koʻmak alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Samarqand va Sian shaharlarida oʻtgan sammitlar davomida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik ijobiy surʼat bilan rivojlanib bormoqda. Hududlar oʻrtasidagi aloqalar faollashdi. Oxirgi oylarda Oʻzbekistonga Shinjon-Uygʻur avtonom hududi, Shandun, Shensi, Szyansu va Szyansi muzofotlari delegatsiyalari tashrif buyurdi.
Madaniy-gumanitar aloqalar va taʼlimdagi almashinuvni faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.