Oʻzbekiston Prezidenti xalqaro konsultantlar bilan uchrashdi

0
85
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 mart kuni xalqaro konsultantlar – Alfred Guzenbauer, Aleksandr Kvasnevskiy va Shtefan Fyuleni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Xalqaro konsultantlar guruhining asosiy vazifasi mamlakatimizning Yevroittifoq davlatlari bilan koʻp qirrali hamkorligini rivojlantirish va kengaytirishga, islohotlar dasturini amalga oshirishda xorijning ilgʻor tajribasini oʻrganish va joriy etishga, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini takomillashtirishga, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalarni jalb qilishga, Yevropa ishbilarmon doiralari bilan sheriklikning samarali mexanizm va vositalarini shakllantirishga koʻmaklashishdan iborat.

Taʼkidlash joizki, turli yillarda yuksak davlat lavozimlarini egallagan konsultantlar bugungi kunda Yevropadagi rasmiy, ishbilarmon va jamoatchilik doiralarida yuqori xalqaro nufuzga ega boʻlib, yetakchi konsalting, investitsiya va sanoat kompaniyalarida ishlab, salmoqli tajriba toʻplaganlar.

Xususan, «Gusenbauer Projektentwicklung & Beteiligung» konsulting kompaniyasining taʼsischisi Alfred Guzenbauer 2000-yillarda Avstriya Federal kansleri boʻlib faoliyat yuritgan. «Amicus Europae» fondi rahbari Aleksandr Kvasnevskiy Polsha Prezidenti boʻlgan. Bugungi kunda «CITIC Europe Holdings» kompaniyasi maslahatchisi sifatida faoliyat koʻrsatayotgan Shtefan Fyule Yevropa Ittifoqining kengayish va yaxshi qoʻshnichilik siyosati masalalari boʻyicha komissari lavozimida muvaffaqiyatli ishlagan.

Uchrashuvda mamlakatimizni isloh qilish va institutsional jihatdan rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan ochiq va konstruktiv fikr almashildi.

Mehmonlar Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanishlar dasturini yuqori baholadilar va toʻliq qoʻllab-quvvatladilar. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq murakkab sharoitlarda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning yutuqlari va aniq natijalari, shuningdek, Oʻzbekistonning global va mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvi sari sezilarli saʼy-harakatlari alohida qayd etildi.

Konsultantlarning Oʻzbekistonda iqtisodiy islohotlarning uzoq muddatli strategiyasini tayyorlash, davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, mamlakatimizning xorijiy sheriklar bilan oʻzaro manfaatli munosabatlarini kengaytirishga doir tavsiyalari koʻrib chiqildi.

Yurtimizda investitsiya muhitini yaxshilash va uning shaffofligini oshirish, bozor mexanizmlarini keng joriy etish va raqobat muhitini shakllantirish, bank-moliya sohasi va kapital bozorini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Konsultantlar, shuningdek, iqtisodiyotning izchil transformatsiya qilinayotgani va xorijiy kapital uchun ochiqligi ortayotgani tufayli Yevroittifoq mamlakatlari bilan investitsiya va innovatsiyalar borasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar shakllanayotganini qayd etdilar.

Oʻzbekiston bilan YeI oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi yuksak darajasini saqlash, oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash va amaliy mazmun bilan boyitish, kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni tez fursatda qabul qilish hamda mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishini qoʻllab-quvvatlash masalalari ustuvor ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Savdoni liberallashtirish hamda oʻzaro tovar ayirboshlash va investitsiyalarni koʻpaytirishga toʻsqinlik qilayotgan gʻovlarni bartaraf etish, bozorlarga chiqish masalalarida hamkorlik qilish mexanizmlari ham koʻrib chiqildi.

Uchrashuv yakunida yaqin hamkorlik va faol almashinuvlarni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Yaqin istiqboldagi amaliy hamkorlikning birinchi galdagi vazifalari va formati kelishib olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.