Oʻzbekiston Prezidenti Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktorini qabul qildi

0
141
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 dekabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida mamlakatimizda tashrif bilan boʻlib turgan Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, oʻzining 100 yillik faoliyati davomida jahonda ijtimoiy adolatni ilgari surish va mehnatkashlar huquqini taʼminlashga xizmat qilgan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan samarali hamkorlikni Oʻzbekiston yuksak qadrlashini alohida taʼkidladi.

Mamlakatimiz 1992 yildan buyon Xalqaro mehnat tashkilotining toʻla huquqli aʼzosidir. Bugungi kunga qadar tashkilotning 14 konvensiyasi, jumladan, 8 asosiy konvensiyasi ratifikatsiya qilingan. 2017 yildan boshlab 2020 yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan “Munosib mehnat boʻyicha mamlakat dasturi” amalga oshirilmoqda.

Ushbu dastur doirasida mamlakatimiz mehnat qonunchiligini takomillashtirish, fuqarolarning mehnat huquqlaridan xabardorligini, huquqiy madaniyatini oshirish boʻyicha tadbirlar olib borilmoqda, mehnat qonunchiligini buzish holatlari yuzasidan tezkor chora koʻrishga qaratilgan muloqot mexanizmi yoʻlga qoʻyilmoqda.

Joriy yilda Oʻzbekistonda Xalqaro mehnat tashkilotining milliy koordinatori  ofisi ochildi.

Uchrashuvda XMT bilan barcha masalalar, jumladan, yangi yoʻnalishlar yuzasidan konstruktiv muloqotni davom ettirish va sheriklik munosabatlarini kengaytirishga ikki tomon ham tayyor ekani taʼkidlandi.

Gay Rayder davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni yuksak baholadi.

BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga hamohang amalga oshirilayotgan 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi alohida qayd etildi.

Mehmon mamlakatimiz mehnat qonunchiligi normalari xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirilayotgani, Oʻzbekiston ratifikatsiya qilgan XMT konvensiyalarini 2018-2020 yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” qabul qilinganiga yuksak baho berdi.

Toshkentda “Barqaror taraqqiyot maqsadlari doirasida munosib bandlikni taʼminlash: xalqaro amaliyot va Oʻzbekiston tajribasi” xalqaro konferensiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani samarali hamkorlikdan dalolat beradi.

Uchrashuvda sheriklikni yanada kengaytirish muloqotni faollashtirish uchun mustahkam zamin yaratishiga, Oʻzbekistonda Bandlik milliy strategiyasini ishlab chiqishda XMT tajribasidan samarali foydalanishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Tashkilot bilan uzoq muddatli hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilish, mamlakatimiz tomonidan XMT konvensiyalarini ratifikatsiyadan oʻtkazish ishlarini davom ettirish, mehnat munosabatlari sohasida mutaxassislarini tayyorlash va ularning  malakasini oshirish, kasaba uyushmalari va Ish beruvchilar konfederatsiyasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida kelishuvlarga erishildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.