Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 sentyabr kuni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Siyosiy-yuridik komissiyasi kotibi Chen Vensin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Delegatsiya rahbari Chen Vensin davlatimiz rahbariga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi doʻstlik va barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini oliy darajada qabul qilingan qarorlar asosida rivojlantirish va mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Terrorizm, ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik, kiberjinoyatchilik, narkotrafik kabi xavfsizlikka tahdid solayotgan anʼanaviy va yangi xatarlarga qarshi kurashda amaliy hamkorlikni kengaytirish va saʼy-harakatlarni samarali muvofiqlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu kunlarda boʻlib oʻtgan Huquqni muhofaza qilish faoliyati va xavfsizlik sohasidagi Oʻzbekiston-Xitoy hamkorlik mexanizmining birinchi yigʻilishi natijalari yuqori baholandi.
Shuningdek, mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.