Oʻzbekiston Prezidenti “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishi toʻgʻrisidagi bitimni imzolash marosimi ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi

0
78
marta koʻrilgan.

6 iyun kuni Pekin shahrida “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston» temir yoʻli qurilishi boʻyicha strategik loyihani amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitimni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilariga videomurojaat yoʻlladi. Bitimning imzolanish marosimi munosabati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ham oʻz murojaatlarini yoʻlladi.

Davlatimiz rahbari ushbu muhim infratuzilma loyihasini amalga oshirish boshlanayotgani keng mintaqamizda iqtisodiy va transport jihatidan bogʻliqlikni kuchaytirishga qaratilgan tarixiy voqea ekanligini alohida taʼkidladi.

– Mazkur temir yoʻl Xitoyni mintaqamiz bilan bogʻlovchi eng qisqa quruqlik yoʻliga aylanadi. Kelgusida ushbu yoʻl bizning mamlakatlarimizga istiqbolli Transafgʻon yoʻlagi orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarining keng bozorlariga chiqish imkonini beradi, – dedi Prezident.

Loyihaning amalga oshirilishi oqibatida vujudga keladigan iqtisodiy samara yangi korxonalar va oʻn minglab ish oʻrinlari yaratilishi, oʻzaro savdo hajmi karrasiga oshishi, sanoat kooperatsiyasi kengayishi, investitsiyaviy jozibadorlik oʻsishi va eng muhimi – aholi turmush darajasi oshida namoyon boʻladi.

Bitimga muvofiq, “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli Qashgʻar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yoʻnalishi boʻylab oʻtadi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, yuk tashish yillik hajmi 15 million tonnagacha yetishi mumkin, tovarlarni yakuniy isteʼmolchilarga yetkazish muddati esa 7 kunga qisqaradi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit va logistika infratuzilmasi, omborxonalar va terminallar yaratiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.