Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 sentyabr kuni Xalqaro moliya korporatsiyasi boshqaruvchi direktori Maxtar Diop boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari tarkibida XMK ham faoliyat koʻrsatuvchi Jahon banki guruhi bilan samarali hamkorlik izchil rivojlanayotgani va strategik sheriklik mustahkamlanib borayotganini alohida taʼkidladi.
Ochiq va konstruktiv muloqot, hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga oʻzaro intilishi tufayli Oʻzbekistonda Jahon banki ishtirokidagi qoʻshma loyihalarning portfeli 5 milliard dollarga yetgan hamda mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha ustuvor sohalari va tarmoqlarini qamrab olgan.
2016 yilda mamlakatimizda XMK faoliyati qayta tiklandi. Oʻtgan davrda Korporatsiya amaliyotlarining hajmi uch barobar ortib, qariyb 200 million dollarni tashkil etdi.
Bugungi kunda davlat-xususiy sheriklik tizimini rivojlantirish, transport sohasini modernizatsiya qilish, bank sektorini transformatsiya qilish, mikromoliyalash institutlarini isloh qilish, toʻqimachilik tarmogʻiga xalqaro standartlarni joriy etish va boshqa yoʻnalishlarda muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.
Muzokaralar chogʻida sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalaridagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan sohada boshqaruv tizimini takomillashtirish va jarayonlarni raqamlashtirishga doir dastur va loyihalarda XMKning ishtirokini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik sohasida, biznesni moliyalashtirishning samarali mexanizmlarini, davlat korxonalarini xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik tizimini rivojlantirishdagi ilgʻor tajribani joriy etish borasida hamkorlik qilish, shuningdek, Oʻzbekistonda «yashil texnologiyalar»ni tatbiq etish, shu jumladan energetika va qishloq xoʻjaligidagi innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash muhim ekani taʼkidlandi.
Qoʻshma «yoʻl xarita»sini tayyorlash va muntazam ekspertlik uchrashuvlarini oʻtkazishga kelishib olindi.