Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga Butunxitoy xalq vakillari yigʻinining 14-chaqiriq birinchi sessiyasida oliy lavozimga qayta saylangani munosabati bilan tabrik yoʻlladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbarining qutlovida soʻnggi yillarda Xitoy Si Szinpin rahbarligida barcha soha va tarmoqlarda misli koʻrilmagan natijalarga erishgani, ilmiy-texnologik, innovatsion va ijtimoiy rivojlanishda ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritgani alohida taʼkidlangan.
Xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik rishtalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni mutlaqo yangi — har tomonlama strategik sheriklik darajasiga koʻtarishga XXR Raisining qoʻshgan ulkan shaxsiy hissasi qayd etilgan.
Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan davlatlarimizning koʻp qirrali hamkorligi bundan keyin ham xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida jadal rivojlanib borishiga ishonch bildirilgan.
Oʻzbekiston Prezidenti Si Szinpinga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, masʼuliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan zafarlar, doʻst Xitoy xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, bardavom ravnaq va farovonlik tiladi.