Oʻzbekiston Prezidenti yangi tayinlangan elchilarni qabul qildi

0
60
marta koʻrilgan.

23 aprel kuni xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bangladesh Xalq Respublikasi elchisi Muhammad Jahongir Aʼlam, Chexiya Respublikasi elchisi Vatslav Yilek, Misr Arab Respublikasi elchisi Amira Fahmiy, Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi elchisi Demiya Zuhayr Haddod, Turkiya Respublikasi elchisi Olgan Bekar, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari Sharlott Adrian va Rossiya Federatsiyasi elchisi Oleg Malginovdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Tadbir avvalida davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasi boshlangani bilan samimiy tabrikladi.

Oʻzbekiston xorijiy mamlakatlar va xalqaro tuzilmalar bilan konstruktiv muloqotni yanada rivojlantirish, oʻzaro manfaatli hamkorlik va amaliy sheriklikni kengaytirishga muhim ahamiyat qaratayotgani taʼkidlandi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar, yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan strategik dastur va loyihalarning ustuvor yoʻnalishlari alohida qayd etildi.

Bu borada pandemiya oqibatlarini yengib oʻtish va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash, aholining barcha qatlamlarini manzilli qoʻllab-quvvatlash va ularning turmush darajasini oshirish, uzoq muddatli oʻsishning yangi nuqtalarini shakllantirish va mamlakatimizning global raqobatbardoshligini taʼminlash masalalari diqqat markazida turibdi.

Tashqi siyosatning asosiy yoʻnalishlari haqida soʻz yuritar ekan, Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari va jahonning yetakchi davlatlari bilan strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini taʼkidladi.

Bugun birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan savdo, investitsiya va innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar va “yashil iqtisodiyot”, transport, tranzit va logistika, moliya, tibbiyot va koʻplab boshqa sohalardagi hamkorlik kengayib bormoqda.

Shu bilan bir qatorda Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy kengash va boshqa nufuzli tuzilmalar doirasidagi yaqin muloqotni davom ettirib, koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirmoqda, global moliyaviy institutlar bilan sheriklikni kengaytirmoqda.

Davlatimiz rahbari yangi elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan keng koʻlamli va uzoq muddatli hamkorlikning istiqbollariga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Bangladesh Janubiy Osiyodagi muhim hamkorimiz hisoblanadi, doʻst xalqlarimizni maʼnaviy va madaniy qadriyatlar, muqaddas dinimiz azaldan bogʻlab keladi.

Ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarni muntazam oʻtkazish, toʻqimachilik, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalardagi kooperatsiyani kuchaytirish muhim ekani taʼkidlandi. Ikkala mamlakat oʻzaro savdo va sayyohlar oqimini tubdan koʻpaytirish uchun barcha imkoniyatlarga ega. Shu maqsadda aloqalarni jadallashtirish hamda qoʻshma Hukumatlararo komissiya salohiyatini toʻliq ishga solish zarur.

Chexiya Respublikasi bizning Yevropadagi ishonchli va istiqbolli sherigimizdir.

Oʻzbekiston Prezidenti keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar jadal surʼatda rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Pandemiyaga qaramay, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash oʻtgan yili uch barobar koʻpayib, 500 million dollardan oshdi.

Yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, avtomobil sanoati, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, energetika, tibbiyot, taʼlim va turizm kabi sohalarda qoʻshma loyihalar portfelini shakllantirish asosiy vazifa etib belgilandi. Bu boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlarning sermazmun kun tartibini shakllantirishga xizmat qiladi.

Misr elchisiga murojaat qilar ekan, Oʻzbekiston Prezidenti ikki tomonlama munosabatlarimiz sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladi.

Bunga Misr Prezidenti Abdulfattoh As-Sisi 2018 yil sentyabr oyida mamlakatimizga amalga oshirgan tarixiy tashrifining samarali natijalari xizmat qildi.

Hamkorlik boʻyicha ishga solinmagan ulkan salohiyatdan samarali foydalanish, jumladan, hamkorlikning institutsional mexanizmlarini faollashtirish taklif qilindi.

Qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik sanoati, farmatsevtika, savdo, turizm, taʼlim va boshqa sohalarda aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Maʼrifatli islom gʻoyalari va qadriyatlarini chuqur oʻrganish va targʻib etish muhim yoʻnalishlardan biri sifatida qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonning yaqin va ishonchli hamkori – Iordaniya bilan ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish muhim ekanini taʼkidladi.

Sheriklikni faollashtirish uchun zarur huquqiy asoslarni shakllantirish, savdo, kooperatsiya va ishbilarmonlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, madaniy-gumanitar almashinuv dasturini tayyorlash muhimdir.

Bundan tashqari, BMT, IHT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasidagi yaqin muloqot va oʻzaro koʻmak davom ettiriladi.

Oʻzbekiston Prezidenti oliy darajada oʻtkazilayotgan muntazam va samarali muloqotlar tufayli Turkiya bilan strategik sheriklik munosabatlarida erishilgan bugungi darajani yuqori baholadi.

Bugun ishonchga asoslangan siyosiy muloqot qaror topdi. Pandemiyaga qaramasdan, delegatsiyalar bilan almashinuv faol davom etmoqda. Xususan, keyingi oylarda Turkiya tashqi ishlar va savdo vazirlari boshchiligidagi delegatsiyalar tashrif bilan mamlakatimizda boʻldi.

Turkiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida yirik savdo, investitsiya va infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Hududlararo muloqotlar yoʻlga qoʻyildi, taʼlim, madaniyat va kino sohalarida qoʻshma dastur va tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazilmoqda.

Boʻlajak sammitlarga – Turkiy kengashning Istanbuldagi navbatdagi yigʻilishi va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifiga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Yevropa Ittifoqi anʼanaviy ravishda mamlakatimizning muhim strategik sherigi boʻlib harakat qilmoqda.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston va YeI oʻrtasidagi teng huquqlilik, oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan koʻp qirrali hamkorlik yangi surʼat kasb etdi.

Yevropalik hamkorlar tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar, iqtisodiy islohotlar va transformatsiya jarayonlariga koʻrsatilayotgan har tomonlama koʻmak alohida qayd etildi. Mamlakatimizga YeI Preferensiyalar bosh tizimining benefitsiari maqomi berilgani birgalikda erishilgan muvaffaqiyat va ikki tomonlama munosabatlarning muhim yutugʻi sifatida eʼtirof etildi.

Bugungi kunda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi yuzasidan faol muzokaralar davom etmoqda. “Oʻzbekiston — Yevroittifoq” va “Markaziy Osiyo — Yevroittifoq” formatlarida samarali muloqot ham rivojlanmoqda.

Oliy darajada oʻtkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar koʻp qirrali Oʻzbekiston-Yevropa munosabatlarini prinsipial jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston bilan Rossiyaning strategik sherikligi va ittifoqchiligi misli koʻrilmagan yuqori darajaga yetdi.

Birgalikdagi saʼy-harakatlar va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash tufayli hamkorlikning barcha yoʻnalishlarida jadal rivojlanish kuzatilmoqda.

Savdo, investitsiyalar, energetika, sanoat, metallurgiya, qishloq xoʻjaligi, transport, infratuzilma, bank-moliya, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, turizm va koʻplab boshqa sohalarda yirik loyiha va dasturlar amalga oshirilmoqda.

Toshkent shahrida yaqinda oʻtkazilgan “Innoprom” xalqaro koʻrgazmasi Rossiyadan tashqarida ilk bor tashkil etilgan boʻlib, keng koʻlamli hamkorlikda ulkan salohiyat va imkoniyatlar mavjud ekanini yana bir bor namoyish etdi.

Bundan tashqari, MDH, ShHT, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi oʻzaro manfaatli muloqot kengayib bormoqda.

Bugungi kunda tomonlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning Moskvadagi boʻlajak sammitiga jiddiy tayyorgarlik koʻrayotgani taʼkidlandi. Ushbu uchrashuv ikki tomonlama strategik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirishda yangi tarixiy bosqichni boshlab berishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida diplomatik vakolatxonalar rahbarlariga ularning Oʻzbekiston bilan doʻstlik rishtalari va koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi masʼuliyatli va sharafli faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar va zafarlar tiladi.

Oʻzbekiston Prezidenti yangi tayinlangan elchilar bilan qisqa suhbatlar oʻtkazdi.

Diplomatlar samimiy qabul hamda samarali faoliyat uchun yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama aloqalarni har tomonlama rivojlantirish uchun bor kuch-gʻayratini safarbar qilishini qayd etdilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.