Oʻzbekiston Prezidenti Yaponiya delegatsiyasini qabul qildi

0
51
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 iyul kuni Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) raisi Tadashi Maeda boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Ushbu yetakchi moliyaviy institut bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va Yaponiya kompaniyalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari koʻrib chiqildi.

2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, amaliy mazmun bilan boyitgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻzaro savdo va Yaponiyaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari hajmi oshib bormoqda, yangi qoʻshma korxonalar tashkil etilmoqda.

JBICning mamlakatimizda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi muhim oʻrni qayd etildi. Bugungi kunda neft-kimyo, toʻqimachilik sanoati, energetika va infratuzilmani modernizatsiya qilish kabi sohalarni qamrab olgan qoʻshma loyihalar portfeli 3,7 milliard dollardan oshdi.

«Sojitz» korporatsiyasining Oʻzbekistondagi faoliyati yuqori baholandi. U bilan birgalikda neft-gaz sohasida qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Kecha Toshkent shahrida kompaniya vakolatxonasining ochilishi boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari «yashil» energetika, geologiya, infratuzilmani modernizatsiya qilish, kommunal xoʻjalik va sogʻliqni saqlash sohalarida Yaponiya kompaniyalari ishtirokida yangi kooperatsiya loyihalarini tez fursatda tayyorlash va amalga oshirish muhimligini taʼkidladi.

Yaponiya xalqaro hamkorlik banki bilan uch yillik hamkorlik dasturini, shuningdek, «Sojitz Corporation» bilan Oʻzbekiston iqtisodiyotining yuqori texnologik tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.