Oʻzbekiston Prezidenti Yaqin Sharqdagi mojaroga tez fursatda yechim topilishi muhimligini taʼkidladi

0
17
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 noyabr kuni navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq soʻzladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Saudiya Arabistoni raisligida oʻtgan tadbirda Yaqin Sharq, Markaziy va Janubiy Osiyo, Afrika qitʼasining yetakchi mamlakatlarining davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, xalqaro hamjamiyatning Gʻazo va Livandagi keskinlikni kamaytirish, yuzaga kelayotgan vaziyatni tez fursatda siyosiy yoʻl bilan hal etishga qaratilgan saʼy-harakatlarini birlashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari global siyosat kun tartibidagi eng oʻtkir va ogʻriqli masala – Falastin muammosiga bagʻishlangan sammitni tashkil etgani uchun Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud hamda Valiahd Muhammad bin Salmon Ol Saudga alohida minnatdorlik bildirdi.

2023 yili Ar-Riyod shahridagi yigʻilishdan keyin oʻtgan vaqt mobaynida ushbu urush koʻlami yanada kengayib, Livan hududini ham qamrab olgani afsus bilan qayd etildi.

Prezidentimiz Falastin-Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yoʻli bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni toʻliq qoʻllab-quvvatladi.

Bugungi sammitda global va mintaqa darajasida samarali mexanizmlar va aniq yechimlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etilishiga ishonch bildirildi.

Harbiy harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish, xavfsiz gumanitar yoʻlaklarni taʼminlash va tinchlik muzokaralarini boshlash masalalari Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xavfsizlik Kengashining doimiy eʼtibor markazida turishi zarurligi qayd etildi.

Qadimiy va boy tarixga ega falastin xalqi 1967 yildagi chegaralar doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus boʻlgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga toʻla haqli ekani taʼkidlandi.

Shu maʼnoda, Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan tashkil etilgan Ikki davlat yechimi uchun global alyans faoliyati qoʻllab-quvvatlandi.

Bundan tashqari, Falastin va Livan hududidagi gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida yetakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Maxsus agentligi doirasida yordam koʻlamini kengaytirish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni Oʻzbekiston shifoxonalarida begʻaraz davolashga tayyor ekanini taʼkidladi.

Falastin xalqiga amaliy yordam koʻrsatish masalalarini kelgusi yili Samarqandda oʻtadigan “Koʻrfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” sammitida ham muhokama qilish niyati bildirildi.

Prezidentimiz muqaddas Al-Aqso masjidi, Quddusdagi boshqa noyob tarixiy-madaniy yodgorliklarning daxlsizligini taʼminlash hamda ularni beshikast saqlab qolish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Soʻzining yakunida davlatimiz rahbari mazkur uchrashuv Yaqin Sharq muammosini hal etishda katta qadam boʻlishiga umid bildirdi.

Muhokamalardan soʻng tomonlar mojaroning siyosiy-diplomatik yechimini jadal izlashga sodiqligini tasdiqlovchi qoʻshma rezolyusiya qabul qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.