Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 may kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Samarqand sammiti doirasida Yevrokomissiya Raisi oʻrinbosari Valdis Dombrovskis boshchiligidagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasini qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekistonning YeI institutlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorligini, shu jumladan mintaqaviy sheriklik formatida kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Valdis Dombrovskis davlatimiz rahbariga Yevrokomissiya Raisi Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishelning samimiy salomlarini yetkazdi. Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar qoʻllab-quvvatlandi.
Uchrashuvda oʻzaro muloqotlar va samarali almashinuvlar faollashgani, savdo, investitsiya, “yashil” iqtisodiyot, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik surʼati oshib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzbekistonning YeI mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan 65 foizga oshdi. Yevropaning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari bilan amalga oshirilayotgan va istiqboldagi loyihalar portfeli 20 milliard yevrodan ziyodni tashkil qilmoqda.
YeI institutlari bilan faol muloqotni, eng avvalo, iqtisodiy yoʻnalishda davom ettirish muhimligi taʼkidlandi. Bunda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni qabul qilish, mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishi, “GSP+” preferensiyalar tizimida ishtirok etish bilan bogʻliq masalalar eʼtibor markazida turibdi.