Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 yanvar kuni Yevropa Ittifoqining Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Margaritis Sxinas boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Suhbat avvalida Yevroittifoqning yuqori martabali vakili YeI va Oʻzbekiston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi bilan samimiy qutlab, davlatimiz rahbariga Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevrokengash raisi Sharl Mishelning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
YeI bilan koʻp qirrali sheriklikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Keyingi yillarda hamkorlik sezilarli darajada faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishelning Oʻzbekistonga tashrifi, Markaziy Osiyo davlatlari va Yevroittifoq rahbarlarining ikkita uchrashuvi, oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha Samarqand konferensiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
YeI va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi” amalga oshirilmoqda. “Markaziy Osiyo — YeI” birinchi sammitini Oʻzbekistonda tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
Yanvar oyi oxirida Bryusselda ikki mintaqaning transport-kommunikatsiyaviy oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlashga qaratilgan yirik Investorlar forumi boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston va YeI mamlakatlari oʻrtasidagi savdo jadal oʻsib bormoqda, oʻtgan yili uning hajmi 30 foizga oshdi.
Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yuqori texnologik tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. YeIning Oʻzbekiston uchun savdo preferensiyalari amal qilish muddati uzaytirildi.
Dolzarb mintaqaviy masalalar, shu jumladan Afgʻonistonga gumanitar yordam koʻrsatish masalalari yuzasidan fikr almashildi.