Oʻzbekiston Prezidenti YeOIIning yubiley sammitida ishtirok etdi

0
45
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 may kuni amaliy tashrif bilan Moskva shahriga keldi.

“Vnukovo” xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining oʻrinbosari – sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Denis Manturov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kuni Moskva shahrida kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yubiley majlisida ishtirok etdi.

Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan raisligida oʻtgan uchrashuvda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hayʼati raisi Bakitjan Sagintayev hamda mehmon sifatida MDH bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, ustuvor yoʻnalishlarda qoʻshma dasturlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida Vladimir Putinni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga kirishgani bilan tabrikladi. Yigʻilishning barcha ishtirokchilarini Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 79 yilligi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi taʼsis etilganining oʻn yilligi bilan qutladi.

Oʻzbekiston yetakchisi bugungi sharoitda mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy aloqalarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oʻsishi uchun sharoit yaratish birinchi darajali ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Oʻtgan oyda Toshkentda muvaffaqiyatli oʻtgan “Innoprom” anʼanaviy xalqaro koʻrgazmasi shunday hamkorlikka ijobiy misol sifatida qayd etildi.

– Bugun ushbu forum Oʻzbekistonning Rossiya va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi boshqa davlatlar bilan biznes muloqotini rivojlantirish uchun samarali platformaga aylandi, — dedi Prezident.

Ushbu maydonni kengaytirish, boshqa hamkor mamlakatlar, shu jumladan Kuba, Eron, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Moʻgʻuliston, Vyetnam va Indoneziya kabi davlatlardan ham kompaniyalarni jalb qilish niyati bildirildi.

Oʻzbekistonning kuzatuvchi sifatida YeOII bilan hamkorligi haqida soʻz yuritar ekan, davlatimiz rahbari oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi, eng avvalo, sanoat mahsulotlarini yetkazib berishni koʻpaytirish hisobidan  oshganini taʼkidladi. Shu bilan birga, oʻzaro hisob-kitoblarni milliy valyutalarda amalga oshirish ulushi ortmoqda.

Mingdan ziyod qoʻshma korxona va loyihalar ishga tushirildi. Yuk tashish hajmi oʻsmoqda, muntazam aviaqatnovlar soni ikki barobarga koʻpaydi.

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda Yuqori darajadagi ishchi guruhning uchta yigʻilishi oʻtkazildi, Qoʻshma rejadagi barcha tadbirlar toʻliq hajmda amalga oshirildi.

Oʻzbekiston savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijorat, iqlim kun tartibiga oid loyiha va dasturlarga qoʻshildi.

Davlatimiz rahbari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlariga alohida toʻxtaldi.

Mamlakatimiz amaliy hamkorlikni kengaytirib, YeOIIni rivojlantirish boʻyicha strategik yoʻnalishlar doirasidagi sohaviy sheriklikning koʻp tomonlama loyihalarini amalga oshirishda yanada faol ishtirok etishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi oʻrtasida oʻrta muddatli istiqbolga moʻljallangan qoʻshma tadbirlarning yangi kompleks rejasini tayyorlash taklif qilindi.

– Ishonamizki, kuzatuvchi davlatlarning loyihalarda toʻlaqonli ishtirok etishi masalalarini tartibga soladigan mexanizmning tez fursatda qabul qilinishi ushbu hujjatning samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi, – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

YeOII mamlakatlari bilan savdodagi toʻsiq va cheklovlarni oʻzaro bartaraf etishga tayyorlik bildirildi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston 2009 yildagi Tovarlarning kelib chiqish mamlakatini aniqlash qoidalariga qoʻshilish jarayonini boshladi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron almashish, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazorati axborot tizimlarini integratsiya qilish, texnik tartibga solish choralarini birxillashtirish rejasini qabul qilish va elektron sertifikatlashtirish bu borada aniq amaliy qadamlar boʻladi.

“Shimol-Janub” transport yoʻlagini Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari bozorlariga chiqadigan qilib rivojlantirish boʻyicha yaqin muloqotni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

Shu maʼnoda, aprel oyi oxirida Termiz shahrida oʻtgan “Belarus – Rossiya – Qozogʻiston – Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston” multimodal yoʻnalishini rivojlantirish boʻyicha transport idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvi samarali yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tranzit tartibotlarini soddalashtirish maqsadida bugungi kunda joriy qilinayotgan YeOII bojxona tranziti yagona tizimi bilan raqamli hamkorlik boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari sanoat kooperatsiyasi loyihalarini va talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratdi.

Bu borada alohida “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish, unda mamlakatlarimiz hududlarida hamkorlikda tashkil etilayotgan sanoat zonalari va texnoparklarda yangi quvvatlarni joylashtirishni nazarda tutish taklif qilindi.

– Bunday loyihalarga tadbirkorlarni keng jalb qilish masalalari shu yili Samarqandda oʻtadigan Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va YeOII Ishbilarmonlar kengashining birinchi uchrashuvida koʻrib chiqilishi mumkin, – dedi Prezidentimiz.

Shuningdek, birlashma doirasidagi sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus mexanizm imkoniyatlaridan foydalanish niyati bildirildi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi organlari bilan quyidagi muhim yoʻnalishlardagi hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdi:

— Yevroosiyo Agroekspressini rivojlantirish, “yashil” va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, qoʻshma agrosanoat klasterlari va logistika markazlarini tashkil etish;

— iqlim oʻzgarishlari oqibatlarini yengib oʻtishda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va yaqindan hamkorlik qilish. Tegishli Ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishlaridan birini Oʻzbekistonda oʻtkazish taklif qilindi;

— mamlakatlarimizda mehnat migrantlari faoliyati uchun qulay sharoitlarni shakllantirish va ijtimoiy kafolatlar yaratish, shu jumladan raqamli platformalardan foydalanish orqali;

— turizm almashinuvini tubdan oshirishga qaratilgan birgalikdagi turizm dasturlari va mahsulotlarini ishlab chiqish.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.