Oʻzbekiston Prezidenti YeOIIning yubiley sammitida ishtirok etdi

0
69
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 may kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining oʻttizinchi yigʻilishida videoaloqa orqali ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari ushbu integratsiyaviy birlashma sammitlarida Oʻzbekiston 2020 yilda kuzatuvchi maqomini olganidan buyon anʼanaviy ravishda ishtirok etib kelmoqda.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida oʻtgan bu galgi uchrashuvda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir  Japarov, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel hamda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati raisi Mixail Myasnikovich qatnashdi.

Taklif etilgan davlat rahbarlari sifatida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ham ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarida qoʻshma dasturlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Oʻzbekiston YeOII huzuridagi kuzatuvchi davlat sifatida birlashma doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarda faol ishtirok etayotganini qayd etdi.

Savdo munosabatlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, yangi oʻsish nuqtalari va imkoniyatlarni izlash boʻyicha birgalikda ish olib borilmoqda. 2022 yilda Oʻzbekistonning YeOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 23 foizga koʻpaydi. Barqaror oʻsish surʼati joriy yilda ham kuzatilmoqda.

Sanoat kooperatsiyasi sohasida keyingi yillarda mamlakatimizning ustuvor tarmoqlarida yuzlab qoʻshma loyiha va korxonalar ishga tushirildi

Ishbilarmonlar muloqotini ragʻbatlantirish uchun samarali platformalar yaratildi. Joriy yilning aprel oyida uchinchi bor Toshkentda muvaffaqiyatli oʻtkazilgan va anʼanaviy tus olgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasi shular jumlasidan.

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan konstruktiv hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Uch yillik Qoʻshma reja doirasida qonunchilikni xalqaro normalarga uygʻunlashtirish, iqtisodiyotni tartibga solish tajribasi bilan almashish, savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalarida toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha 200 dan ziyod tadbir oʻtkazildi.

Oʻzbekiston savdo tartibotlarini soddalashtirish boʻyicha hamda transport, qishloq xoʻjaligi, ekologiya va turizm sohalaridagi alohida dasturlar va tarmoq loyihalarida ishtirok etmoqda.

– Global xavf-xatarlar, transport-logistika zanjirlarida jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat taqchilligi va energetik xavfsizlik tahdidlari va boshqa muammolar kuchayib borayotgani mamlakatlarimiz barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining birinchi galdagi vazifalarini hal etish uchun yaqin hamkorlikni yanada muvofiqlashtirishni taqozo qilmoqda, – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Davlatimiz rahbari mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo aylanmasi hajmini tubdan oshirish uchun savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va zarur shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhimligini qayd etdi. Texnik toʻsiqlarni bartaraf etish va sertifikatlarni oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi bitimning qabul qilinishi bunga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Prezidenti bojxona maʼmuriyatchiligi, sanitar, fitosanitar va veterinar nazorat hamda tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashning elektron platformalari va onlayn tizimlarini integratsiya qilish muhimligini koʻrsatib oʻtdi. Ushbu tashabbusni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun ekspertlar darajasida batafsil maslahatlashuvlar oʻtkazish taklif qilindi.

– Yevroosiyo makonida yangi ish oʻrinlarini yaratish va industrial xablarni shakllantirishning muhim omili sifatida sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni kengaytirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar koʻrilishi lozim, deb hisoblaymiz, – dedi Prezident.

Mamlakatimiz kooperatsiya loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻp tomonlama dasturlarda va YeOII Ishbilarmonlar kengashi faoliyatida ishtirok etishdan manfaatdor ekani bildirildi.

Muqobil transport yoʻlaklarini shakllantirish va barqaror logistika zanjirlarini yaratish borasida birgalikdagi ishlarni kuchaytirish ahamiyatiga eʼtibor qaratib, Oʻzbekiston yetakchisi Shimol – Janub xalqaro yoʻlaklarini va mintaqamizni Xitoy, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bogʻlovchi boshqa magistrallarni rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari tarif siyosati masalalarida yaqindan muvofiqlashuv zarurligini qayd etib, “Oʻzbekiston – Afgʻoniston — Pokiston” temir yoʻli qurilishini amalga oshirish boʻyicha Loyiha ofisi ishiga qoʻshilishga taklif etdi.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida Oʻzbekiston rahbari qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari importi oʻrnini faol bosishni ragʻbatlantirish, “yashil” yoʻlaklarning toʻlaqonli ishlashini taʼminlash, qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish va innovatsiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash hamda mamlakatlarimiz agrobiznesi vakillari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish takliflarini ilgari surdi.

Shu maqsadda Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi vazirlari, oziq-ovqat mahsulotlarining yetakchi ishlab chiqaruvchilari va importchilari ishtirokida “YeOII plyus” formatida Agrar forumni oʻtkazish tashabbusini bildirdi.

Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, oliy taʼlim muassasalari va professional taʼlim markazlari oʻrtasida sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish, ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshma loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari qayd etildi. Muhandislik-texnik ixtisosliklar boʻyicha talab yuqori boʻlgan kadrlarni birgalikda tayyorlash yuzasidan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish taklif etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti soʻzining yakunida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yigʻilishi yakunlari YeOII mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi yoʻnalishlari, shakl va mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.