Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 18 aprel kuni Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlash sohasida erishilgan yutuqlar hamda YeI institutlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha navbatdagi qadamlar koʻrib chiqildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yevropa tomonidan qabulda YeIning inson huquqlari boʻyicha maxsus vakili Imon Gilmor va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Terxi Xakala ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning bugungi yuksak darajasi va natijadorligi katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Barcha darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. Keyingi yillarda Yevropa tomonidan taqdim etilgan “GSP+” sharoitlari tufayli oʻzaro savdo hajmi va muvaffaqiyatli investitsiya loyihalari soni jadal ortib bormoqda. Bundan tashqari, madaniy-gumanitar sohada muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda.
YeI vakillari Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar strategiyasini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor taʼkidladi.
Inson huquqlarini taʼminlash, fuqarolik jamiyatini, gender tenglikni rivojlantirish, majburiy mehnatga barham berish va boshqa yoʻnalishlarda erishilgan muvaffaqiyatlar yuksak baholandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha boʻlajak referendumning ahamiyati qayd etildi.
Yevropa tomoni, xususan, inson huquq va manfaatlarining kafolatlarini yanada kuchaytirishni, shu jumladan “Miranda qoidalari” va “Xabeas korpus” institutini joriy qilishni, ijtimoiy va ekologik huquqlar, yoshlar huquqlari, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishni, oʻlim jazosi bekor qilinganini mustahkamlab qoʻyishni va boshqa normalarni koʻzda tutuvchi oʻzgartirishlarni olqishladi.
Mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari ham muhokama qilindi, boʻlajak qoʻshma tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish masalalari koʻrib chiqildi.