Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 iyul kuni Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati raisi Mixail Myasnikovichni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida, eng avvalo, savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, innovatsiyalar, migratsiya va turizm sohalaridagi oʻzaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston kuzatuvchi davlat sifatida tashkilot tuzilmalari bilan tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyganini alohida taʼkidladi.
Tegishli memorandum va 2023 yillarga qadar davrga moʻljallangan Qoʻshma tadbirlar rejasi amalga oshirilmoqda. Bugun Hamkorlikning qoʻshimcha yoʻnalishlari roʻyxati imzolandi.
YeOII mamlakatlari bilan oʻzaro savdo va investitsiyalar koʻrsatkichlari ijobiy surʼat bilan oʻsib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va ishbilarmonlik aloqalarini ragʻbatlantirish, loyihaviy hamkorlikni rivojlantirish, tranzit sohasidagi dastur va loyihalarni ilgari surish, migratsiya tartibotlarini soddalashtirish va oʻzaro sayyohlar oqimini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Qoʻshma Ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazishga kelishib olindi.