“Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 iyul kuni Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili Jozep Borrelni qabul qildi.
Koʻp qirrali Oʻzbekiston-YeI hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Jozep Borrel davlatimiz rahbariga Yevropa kengashi Raisi Sharl Mishel va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda Oʻzbekiston yetakchisining Markaziy va Janubiy Osiyo bogʻliqligini mustahkamlash borasidagi global tashabbusi muhim ahamiyatga ega va oʻz vaqtida ilgari surilayotganini taʼkidladi.
Uchrashuvda keyingi yillarda Oʻzbekiston va YeI sherikligi jadal surʼatlar bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Koʻp qirrali hamkorlikni, eng avvalo inson kapitali va demokratik yangilanishlar, biznes, investitsiya va innovatsiyalarni ilgari surish, “yashil” taraqqiyot, ekologiya, madaniy almashinuv va boshqa yoʻnalishlarda yanada kengaytirish muhim ekani taʼkidlandi. Oʻzbekiston va Yevroittifoq oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi yangi bitim boʻyicha muzokaralar yakuniga yetayotgani maʼlum qilindi.
Xalqaro kun tartibi yuzasidan ham batafsil fikr almashildi. Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishga koʻmaklashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.