Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrifi doirasida 18 sentyabr kuni oʻziga ajratilgan qarorgohda Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishelni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Ikki tomonlama munosabatlarda bugun gʻoyat yuksak darajaga erishilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Yevrokengash rahbarining Oʻzbekistonga tashrifi, “YeI – Markaziy Osiyo” formatidagi sammitlar, Oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha xalqaro konferensiya va iqtisodiy forumlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Yil boshidan buyon Oʻzbekistonning YeI mamlakatlari bilan tovar aylanmasi hajmi 35 foizga oshdi, Yevropaning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, muhim madaniy tadbirlar uyushtirilmoqda.
Uchrashuv chogʻida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni tez fursatda qabul qilish, oʻzaro savdo va investitsiyalarni koʻpaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kooperatsiyani, shu jumladan uzoq muddatli ikki tomonlama hujjatlarni qabul qilish orqali chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Yevrokengash Prezidenti Sharl Mishel Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish, ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda Oʻzbekiston rahbari yetakchi rol oʻynayotganini qayd etdi.
Samarali xalqaro transport yoʻlaklarini, xususan, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Afgʻonistonda yuzaga kelayotgan vaziyat, shu jumladan afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlar yuzasidan ham fikr almashildi.
Boʻlajak koʻp tomonlama tadbirlar rejasi koʻrib chiqildi.