Oʻzbekiston Prezidenti Yevropa Kengashi Prezidenti bilan muzokara oʻtkazdi

0
104
marta koʻrilgan.

2 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Choʻlponota shahriga tashrif buyurib, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkinchi sammiti doirasida Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash va mintaqaviy formatda amaliy hamkorlikni rivojlantirishga oid masalalarning keng doirasi koʻrib chiqildi.

Yevrokengash Prezidenti Sharl Mishel davlatimiz rahbarini Konstitutsiya boʻyicha referendumning natijalari bilan samimiy qutlab, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlar dasturini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirdi hamda boʻlajak muhim siyosiy tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.

Tomonlar 2022 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarga muvofiq ikki tomonlama muloqot va almashinuvlarda yuqori surʼat kuzatilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Ushbu davrda Oʻzbekistonda Mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha birinchi konferensiya, navbatdagi Fuqarolik jamiyati forumi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Oʻzbekistonning YeI davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan buyon 70 foizga oshdi. Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida mamlakatimiz iqtisodiyotining yuqori texnologik tarmoqlaridagi investitsiya loyihalari portfeli 20 milliard yevrodan ortdi.

Oʻzbekiston va YeI yetakchilari ikki tomonlama savdoni diversifikatsiya qilish va hajmini oshirish, “GSP+” imtiyozli savdo tizimining amal qilish muddatini uzaytirish, samarali transport yoʻnalishlari, eng avvalo, Transkaspiy tranzit yoʻlagini rivojlantirish, “yashil” energetika, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, ekologiya, taʼlim, turizm va boshqa sohalarda qoʻshma dasturlarni amalga oshirish masalalariga alohida toʻxtaldilar.

Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Afgʻoniston boʻyicha maslahatlashuvlarni va ushbu mamlakatga insonparvarlik yordamini davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.